Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning azaliy orzusini, xohish-irodasini oʻzida aks ettirgani, hayotga joriy etila boshlangani bilan diqqatga sazovordir. Jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatiga koʻra, «inson – jamiyat – davlat», «Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat» degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida oʻzida mujassam etmoqda.

Asosiy qonunimizning har bir moddasida inson qadri, shaʼni va manfaati koʻzlangan. Bosh qomusimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani eʼtiborga molik. Bu yangi tahrirdagi Konstitutsiya chinakamiga xalq Konstitutsiyasi boʻlganligidan dalolat beradi.

Yangilangan Konstitutsiyaning 1-moddasiga koʻra, «Oʻzbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda. Eʼtibor bering: ilk bora Konstitutsiyada Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat deb belgilandi. Ijtimoiy davlat deganda, insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik qilinishining davlat tomonidan taʼminlanishi tushuniladi.

Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobarga koʻpaygan. Hayotiy misollarga eʼtibor qaratsak, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, uy-joy, nafaqa, nigoronlik va keksa hamda yolgʻiz fuqarolarimizga davlat tomonidan ijtimoiy himoya masalasi kuchaytirilgan.

Uning 43-moddasida belgilanganidek, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda ragʻbatlantiradi. 44-moddaga muvofiq, sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakli taqiqlanadi. Har kim dam olish huquqiga egaligi esa 45-moddada belgilangan. Unga koʻra, yollanib ishlovchilarga dam olish huquqi ish vaqtining davomiyligini, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarini, haq toʻlanadigan har yilgi mehnat taʼtilini belgilash orqali taʼminlanadi.

Bugungi kunda mazkur normalarning hayotga tatbiq etilayotganiga fuqarolarimiz guvoh boʻlishmoqda. Masalan, har bir hududda monomarkazlar tomonidan ishsizlarni tikuvchilik, hunarmandchilik, pazandachilik kabi bir qator keng ehtiyoj sezilayotgan kasblarga yoʻnaltirish chora-tadbirlari koʻ­rilyapti. Dam olish huquqi haqida gap ketganda, birgina Qurbon hayiti bayramidagi besh kunlik dam olish kunini misol tariqasida keltirishning oʻzi kifoyadir. Yosh bolali ayollar mehnat qilayotgan boʻlishsa, ularga qoʻshimcha tanaffus vaqti berilishi ham soʻzimizning tasdigʻidir.

Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilangan. Bu esa har bir fuqaro, ayniqsa, yosh oilalarning oʻz xonadoniga ega boʻlishi shaxsning ijtimoiy barqarorligi va hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Konstitutsiyamizga aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi haqidagi qoidalar ham kiritildi. Xalqimizning salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirildi. Bu aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza qilish hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf qilishda muhim rol oʻynaydi.

Aholining ayrim qatlamlari pulli asosdagi yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat oʻz fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan oʻrin olgan ushbu qoida aynan mazkur jihatlarni koʻzda tutadi.

 Asosiy qonunimizda taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshgan. Eng quvonarli tomoni, fuqarolarimiz uchun davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olish huquqi qatʼiy belgilangan. Shuning bilan birga, fuqarolarning bepul boshlangʻich professional taʼlim olishi belgilangani diqqatga sazovordir. 

Yana bir tomoni, farzandlar tarbiyasi, ularga taʼlim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati sifatida belgilangan.

Endi nogironligi bor bolajonlarimizga oʻz tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Shuning uchun bunday imkoniyatlar inklyuziv taʼlim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalari­mizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhimdir.

Yana bir muhim konstitutsiyaviy kafolatning hayotiyligi 58-moddada koʻzga tashlanadi. Jumladan, mazkur konstitutsiyaviy qoidada qayd etilganidek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi. Jumladan, 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-oʻringa koʻtarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Xulosa oʻrnida joriy yilning 8-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar belgilanganini eslash joizdir. Farmonda bu boradagi davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalar aniq koʻrsatib oʻtilgan. Konstitutsiyani amalga oshirish yoʻnalishidagi faoliyatni muvofiqlashtirish tizimi, bir qator yangi moddalar boʻyicha aniq va manzilli chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish yuzasidan tashkiliy tadbirlar nazarda tutilgan. Endi birgalikda mazkur farmonning ijrosini taʼminlashimiz ham qarz, ham farzdir.

 

Firuza MUHITDINOVA,

 TDYU professori,

yuridik fanlar doktori.