Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

«Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy Qonuni 1-may kunidan eʼtiboran kuchga kirdi.

Anʼanaga koʻra, 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni sifatida nishonlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning irodasini, istak-xohishi, intilishini, ruhiyati, ijtimoiy ongi va madaniyatini oʻzida yaqqol aks ettiradi. U biz uchun nafaqat muhim hayotiy qoʻllanma, balki gʻurur-iftixor manbayi, taraqqiyotning huquqiy asosi hamdir.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz koʻplab sohalarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Va, hech shubhasiz, hayotimiz qomusi – Konstitutsiyamiz barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib xizmat qildi. Biroq, ayonki, davlat, jamiyat va fuqarolarning turmush tarzi oʻzgarib borishi asnosida, Konstitutsiya ham shunga mutanosib tarzda oʻzgarib, mukammallashib boradi. Bu roʻy berishi lozim boʻlgan tarixiy zaruriyat sanaladi.

Oʻzbekiston keyingi davrda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng koʻlamli islohotlar olib borilyapti. Mazkur islohotlardan koʻzlangan maqsadga toʻlaqonli erishish esa Asosiy qonunimizni yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi. Shunga muvofiq, mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolat yaratish nuqtai nazaridan Konstitutsiyaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklifi ilgari surildi. Turli soha vakillaridan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, ish boshladi. Mazkur komissiya dastlab Konstitutsiyaga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilish ishlarini olib bordi. Shundan keyin ushbu takliflar asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.

Alohida taʼkidlash kerakki, Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda xalqimizning fikri, takliflari ikki bosqichda oʻrganildi. Birinchi bosqichda fuqarolardan Konstitutsiya loyihasini shakllantirishga qaratilgan 60 mingdan ziyod taklif olindi. Ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi.

Aholi ommaviy axborot vositalari, internet tarmogʻi orqali loyiha bilan tanishdi, 150 mingdan ziyod taklif va mulohazalar bildirildi. Xuddi shuningdek, xalqaro-huquqiy hujjatlar, xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganildi. Buning natijasida yangi tahrirdagi Konstitutsiya 65 foizga oʻzgartirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi maʼruzasida: «Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi. Shunda har bir vatandoshimiz «Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam» deb yuksak gʻurur bilan ayta oladi», deb taʼkidladi.

Referendum jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir. Uning saylovdan asosiy farqi shundaki, referendumda biror lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz berilmaydi, balki muayyan masala – qonun, qonun loyihasi, Konstitutsiya, Konstitutsiyaga tuzatish kiritishga oid savol qoʻyiladi.

Referendumda qabul qilingan qaror oliy yuridik kuchga ega boʻladi va faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.

Joriy yilning 30-aprel, yakshanba kuni yurtimizda Oʻzbekiston Respublikasi referendumi boʻlib oʻtdi. Referendum byulletenida: «Siz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?» degan savol berildi. Siyosiy tadbirda ishtirok etgan har bir fuqaro, har bir hamyurtimiz oʻz qarorini erkin ifoda qildi.

Markaziy saylov komissiyasi xabariga koʻra, referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini 383 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. Jumladan, 14 ta nufuzli xalqaro tashkilotdan, xususan, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa qator xalqaro tuzilmalardan 184 nafar, 45 ta xorijiy davlatdan 199 nafar xalqaro kuzatuvchi ushbu jarayonda ishtirok etdi. Ayni chogʻda referendumni ommaviy axborot vositalarining jami

964 nafar vakili, jumladan, 127 ta xorijiy ommaviy axborot vositasidan 192 nafar vakil bevosita yoritib bordi.

1-may kuni Markaziy saylov komissiyasining «2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumining yakunlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan 19 million 722 ming 809 nafar fuqaroning yarmidan koʻpi, yaʼni 84,51 foizi referendumda ishtirok etganiga asoslanib, referendum amaldagi qonunchilikka muvofiq haqiqiy va boʻlib oʻtgan, deb topildi. Referendumga qoʻyilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar soni 15 million 34 ming 608 ta (ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 90,21 foizi)ni, referendumga qoʻyilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar soni 1 million

558 ming 817 ta (ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 9,35 foizi)ni tashkil etdi. Shuningdek, «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan, deb hisoblandi.

Xulosa qilib aytganda, yangilangan Konstitutsiya mamlakatimiz uchun adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir. Xususan, yangi Konstitutsiyaning 20-moddasi beshinchi qismida «Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi» deb belgilangan. Bu qoidaning Bosh qomusimizga kiritilishi mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligini yaqqol tasdiqlaydi. Zotan, Prezidentimiz aytganidek, «Insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda bi­rinchi oʻrinda turishi kerak».

Kamol OLLOYOROV,

«Postda» muxbiri.