Mamlakatimizda amalga oshirilgan yangilanishlar xalqimiz hayoti va dunyoqarashini oʻzgartirdi, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obroʻ-eʼtiborini oshirgan, imijini shakllantirgan islohotlar qilindi. Avvalo, chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi, yaqin qardoshlik rishtalari tiklandi. Buning natijasida yaqin qarindosh, quda-anda boʻlib ketgan xalqlarimizning mushkuli oson boʻlib, koʻplab muammolar barham topdi. Necha yillardan buyon hal etilmay kelinayotgan masalalar ham konstruktiv muloqot yoʻli bilan birma-bir oʻz yechimini topmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun his etishiga, davlat organlarining xalq irodasini ifoda etib,
uning manfaatlariga xizmat qilishining yangi bosqichga koʻtarilishiga omil boʻlmoqda.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bagʻrida sayqallanib kelayotgan ibratli anʼana va qadriyatlarni targʻib etish borasida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi jamiyatdagi sogʻlom kuchlar, yuksak isteʼdod va tafakkur sohiblarining aqliy salohiyatini Vatan istiqboli sari yoʻnaltirish, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, odamlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, bebaho madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga, eng asosiysi, oʻzligimizni anglashga katta taʼsir koʻrsatdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali saʼy-harakatlar qilinmoqda. Zero, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish – 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining beshinchi muhim yoʻnalishi hisoblanib, unda asosiy maqsad: ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish belgilangan.
«Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat» konsepsiyasini amalga oshirish orqali quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
– aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish boʻyicha huquqiy-maʼrifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarni oʻrgatish bilan uygʻun holda tashkil qilish;
– targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish hamda ularni oʻz vaqtida amalga oshirish choralarini koʻrish;
– oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
– oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash.
– ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni oʻz vaqtida berib borish orqali yolgʻon maʼlumotlar tarqalishining oldini olish;
– «Mahalla–tuman–viloyat–respublika» prinsipi asosida hududlar kesimida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni optimallashtirish xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
– maʼnaviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;
– maktablarni chinakam maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat oʻchogʻiga aylantirish uchun taʼlim-tarbiyaning interaktiv usullarini qoʻllash va mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash koʻnikmasini shakllantirish.
Dunyoda turli ziddiyatlar va tahlikali vaziyatlar hukm surayotgan, bashariyat turfa talotoʻplar girdobida qolayotgan, qarama-qarshiliklar keskinlashgan bir paytda, tinch va barqaror hayotni saqlab qolishning yagona najot yoʻli maʼnaviyatni asrashdir. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga boʻlgan eʼtibor va talabchanlikni oshirish, ular ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda, yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tarbiya Vatanga daxldorlik hissi joʻshib turgan har bir insonning mushtarak vazifasi hisoblanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonni va unda maʼrifatli jamiyatni yaratish hammamizga va har birimizga koʻp jihatdan bogʻliq. Avvalo, barchamiz bunyod etilayotgan yangi jamiyatimizga munosib boʻlish uchun boy tarixiy madaniyatimiz va milliy qadriyatlarimizga asoslangan holda, zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan mustahkamlangan salohiyatga ega boʻlishimiz lozim. Zero, Yangi Oʻzbekiston maʼrifatli jamiyat bilan yanada qudratli boʻladi.
Azizjon FAYZIYEV,
mayor.
