Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
«Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni navbatdagi bosqichga olib chiqishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi.
Taraqqiyot strategiyasi Yangi Oʻzbekistonning poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan. Bu buyuk bunyodkorlik jarayoni 2026-yilgacha boʻlgan davrni qamrab olgan va yilma-yil amalga oshirib borilmoqda. Unda jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.
Asosiy eʼtibor fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan taraqqiyot strategiyasida qonun ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, maʼnaviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga Oʻzbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan. Eng asosiysi, 7 ta ustuvor yoʻnalish va undagi 100 ta maqsadning barchasida inson qadrini taʼminlash va yuksaltirish nazarda tutilgan.
Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganidan buyon oʻtgan 3 yillik davr mobaynida aholini ijtimoiy himoya qilishga katta eʼtibor berildi. Ayniqsa, ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olindi. Buning uchun aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqildi, ijtimoiy sugʻurta tizimi, jumladan, ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etildi, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish yoʻlga qoʻyildi, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha alohida maʼlumotlar bazasi yaratildi, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari», «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» bilan integratsiya qilindi. Natijada mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha aholini davlat tomonidan toʻla himoya qilishning barqaror tizimi yaratildi.
Taraqqiyot strategiyasining 16-maqsadida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab boʻlgan shart-sharoitlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish belgilangan boʻlib, unga koʻra, huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqildi. Jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik haqida xabar berish va ularni roʻyxatga olishning «E-huquqbuzarlik» yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi. Shu bilan birga, bir yil davomida takroran sodir etilishi ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholanadigan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning hisobini bir yil davomida yuritish va muddat oʻtishi bilan avtomatik ravishda hisobdan olib tashlash tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek unda jamoat tartibini saqlash boʻyicha patrullik xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, shu jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish belgilangan boʻlib, unga koʻra, «E-patrul» tizimi joriy etildi. Endilikda tekshirish uchun shaxsni ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechildi va barcha maʼlumotlarni joyida tekshirish, patrul-post xizmati xodimlarining faoliyatini bodikamera yordamida nazorat qilish yoʻlga qoʻyildi. Patrul xizmatini bosqichma-bosqich avto va motopatrul shakliga oʻtkazish orqali naryadlar mobilligiga erishilib, hodisa joyiga tezkorlik bilan yetib borish taʼminlanmoqda.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yoʻllarda avariya va oʻlim holatlarini qisqartirish boʻyicha maxsus dastur tayyorlandi. Bunda yoʻl infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini toʻla raqamlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlar yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasining 17-maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarining yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish belgilangan boʻlib, unga koʻra, ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yoʻnaltirildi.
Bundan tashqari, tergov faoliyati ustidan samarali nazorat oʻrnatish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor-qidiruv faoliyati yanada kuchaytirildi. Tergov faoliyatini nazorat qilish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlar, shu jumladan, kiberjinoyatlarni fosh etish boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyati isloh qilindi, qoʻshimcha kuch va vositalarni jalb qilish hamda ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish jarayonlarida fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini himoya qilishning samaradorligi yanada oshirildi.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimi tubdan isloh qilindi, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanilmoqda. Murojaatlar bilan ishlash sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etgan holda, aholi uchun uyidan turib, tun-u kun toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish instituti isloh qilindi va jinoyat haqidagi xabarlarni roʻyxatga olish jarayoni toʻliq raqamlashtirildi.
Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil boʻyicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 30-yanvardagi «Oʻzbekiston – 2030 strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmoni bilan tasdiqlangan amaliy tadbirlar rejasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirish belgilangan boʻlib, unga koʻra, avtomobil yoʻllarida transport vositalarining erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi istirohat bogʻlari, xiyobonlarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi faoliyatini takomillashtirish kabi vazifalar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaliy tadbirlar rejasida ishni sudga qadar yuritish bosqichiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash belgilangan boʻlib, unga koʻra, protsessual harakatlarni avtomatik qayd etish, maʼlumotlarni onlayn olish imkonini yaratish, maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelishining oldini olish, ish materiallarini onlayn uzatish imkonini yaratish, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etishning yagona hisobini yuritish, shuningdek, sud ekspertizasini onlayn tayinlash mexanizmlari joriy etiladi.
Xulosa sifatida shuni qayd etish joizki, taraqqiyot strategiyasi doimiy harakatlar hamda izlanishlar orqali muammolarni hal etishning muhim manbayi boʻlib xizmat qilmoqda va barchamizni yanada mahobatliroq vazifalarni hal etishga boshlamoqda.
Bahrom SAIDOV,
IIV Akademiyasi Magistratura boshligʻi, polkovnik,
professor.
