IX–XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan Birinchi Sharq Uygʻonish davrida ham, butun dunyoda «Temuriylar davri Renessansi» deya eʼtirof etilgan XIV–XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uygʻonish davrida ham jamiyatda eʼtiqod mustahkam, insonlar dunyoqarashida maʼnaviyat ustuvor, davlatchilik tuzumida maʼnaviyat va maʼrifat yetakchi boʻlgan.
Eʼtibor bersak, har ikkala Uygʻonish davrida ham eng muhim jihat — davlatning eʼtibori, mamlakat boshqaruvida olib borilgan odilona va oqilona siyosat, taʼlim-tarbiya ustuvor boʻlgan. Har ikki Renessans davrida davlat rahbarlari, olim-u fuzalolar, birinchi navbatda, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyati, imon-eʼtiqodi masalasiga alohida eʼtibor qaratgan. Bugun biz ana shunday qutlugʻ bir davrda, dunyoga yangi Oʻzbekiston nomi bilan tanilayotgan muqaddas zaminda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyiladigan zamonda yashamoqdamiz.
Sal oldingi tarixga nazar tashlaylik. Mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadidlar amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishgan. Jadidlar qatagʻon qilingandan boshlab ilm-fan sohasida ham turgʻunlik davri boshlandi. Chunki ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy tazyiqlar shunga majbur qilardi. Hech kim oʻz fikrini ochiq-oydin bayon qila olmas, bayon qilganlarning esa boshiga kulfat yogʻilardi. Ushbu siyosat tufayli koʻplab olimlar, shoir, yozuvchilar «tugʻildi-yu boʻgʻildi».
Shukrki, mustaqillikka erishganimizdan keyin bunday noxush holatlarga barham berildi. Ajdodlarimiz merosi tiklana boshladi. Barcha sohalarda xalqchil islohotlar olib borildi. Xalqda ruhiy koʻtarilish, kelajakka ishonch paydo boʻla boshladi. Prezidentimiz rahnamoligida Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz».
Agar Oʻzbekiston Prezidentining keyingi toʻqqiz yilda maʼrifat, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish yoʻlida imzolagan qonun, farmon va qarorlari, tasdiqlagan Milliy strategiya va Davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan-yangi tashabbuslarining magʻzini toʻla chaqib koʻrsak, navbatdagi maʼrifat Renessansining markazi Oʻzbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi.
Bugungi yangi Oʻzbekistonda yoshlar ijodda ham, ilmda ham, tarbiyada ham peshqadam qilib tarbiyalanmoqda. Ular tarbiyasida hal qiluvchi oʻrin tutadigan bogʻchalar va maktablar tizimida ulkan oʻzgarishlarga guvoh boʻlib turibmiz. Prezidentimiz boshchiligida bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratish, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadga erishish yoʻlida yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni taʼminlash muhimligiga eʼtibor qaratilmoqda.
Yangi Renessansning bosh maqsadi — mamlakatni ravnaq toptirish, yurt farovonligiga erishish. Uchinchi Renessans — bu barcha soha va yoʻnalishlarda milliy taraqqiyot yoʻlining navbatdagi bosqichidir. Bu konsepsiya oʻziga xos «texnologik sakrash»ni, yuqori darajada rivojlangan «smart» (aqlli) iqtisodiyotni nazarda tutadi. Shuningdek, u ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va ijtimoiy sohalarda jahon hamjamiyati bilan yanada faolroq, yanada kengroq integratsiyani
taqozo qiladi.
Uchinchi Renessans toʻrtinchi sanoat inqilobi bilan muvoziy, bir vaqtda kechadi. Oʻz navbatida, raqamli, «smart» iqtisodiyotga oʻtish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonda qanday bosqichlarda amalga oshirilishi, uning moddiy-moliyaviy, insoniy, ilmiy va ilmiy-texnologik taʼminoti boʻyicha istiqbolli aniq kompleks dasturlar yangi Renessans gʻoyasi bilan mafkuraviy jihatdan bogʻlanishi shart. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi belgilab berildi. Yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish boʻyicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi. 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning oʻzida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.
Prezidentimiz nutqida mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy maqsadlari ham aniq belgilab berildi. Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti hajmini 240 milliard AQSH dollaridan oshirish maqsadi qoʻyilib, bu yangi rivojlanish bosqichiga oʻtish yoʻlida muhim strategik qadam sifatida baholandi. Unda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonining izchil, amaliy va inson manfaatiga qaratilgan yoʻldan davom etayotganini yaqqol koʻrsatadi hamda mamlakatning barqaror rivojlanishi va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun mustahkam zamin boʻladi.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, Uchinchi Renessans uzoq istiqbol masalasi emas. U bugun, ushbu onda jamiyatimiz, uning har bir jabhasida muttasil amalga oshirilayotgan real voqelikdir. Ishonchimiz komilki, yurtimizda boshlangan bu yangilanishlar izchil davom etadi va xalqimiz orzu qilgan buyuk davlat, farovon kelajak barpo etishda mustahkam poydevor boʻladi.
Gʻayratulla SHUKUROV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
