Yangilanish qonuniyati 

 Bugungi goballashuv jara­yonida Sharq falsafasini teran oʻrganish, shu asosda ulugʻ madaniyatimiz va qadriyatlarimiz ildizlarini jonlantirish, asrlar sinovidan oʻtgan, buyuk ajdodlarimiz bizga meros qoldirgan milliy mafkura va tafakkurimizni tiklash, uni zamonaviy-umumbashariy ruh bilan boyitish barcha­mizning burchimizdir. 

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyoti ong va tafakkuri­mizning qanday oʻzgarayotgan­ligiga bevosita bogʻliqdir. Zero, inson hayotga faqat kuzatish uchun emas, balki faoliyat yuritish uchun, oʻzligini anglash uchun keladi. 

 Yangi Oʻzbekistonda yangicha dunyoqarash – uning kelajagi haqida qaygʻurish, «Vatanim menga nima berdi?» deb emas, «Men Vatanimga nima berdim?», «Vatanim taqdiri – mening taqdirim» degan ezgu gʻoya bilan yashashda namoyon boʻladi. Bu esa unda haqiqiy fuqarolik pozitsiyasi mujassamligini, burch va masʼuliyatni anglash hissining borligini bildiradi. 

 Darhaqiqat, insonning jamiyatdagi oʻrni uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak maʼnaviy qiyofasi bilan belgilanadi. U ajdodlarni avlodlarga, oʻtmishni bugunga va kelajakka bogʻlovchi koʻp­rik vazifasini bajaradi: ota-bobo­larimiz toʻplagan jamiki yaxshi fazilatlar, qadriyatlar, anʼanalarning majmui, tari­xiy-ijtimoiy tajriba va barcha qarashlarni oʻzida mujassam etadi. 

Agar inson «Vatan» tushun­chasining mohiyatini anglamas ekan, u hech qachon yetuklik darajasiga koʻtarila olmaydi. Insoniyat tarixida komillikka erishgan buyuk insonlarning barchasi Vatanini anglagan, unga sodiq shaxs­lar boʻlgan. Bunday shaxslar haqida gap borganda, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon kabi insonlarning nomlarini eslash oʻrinlidir. Ular xalq va davlat manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻyishgan, xalqqa bir umr xizmat qilishni oliy sao­dat deb bilishgan. Ular bir soniya boʻlsa-da, Vatanga daxl­dorlik tuygʻusini unu­tishmagan. Aksincha, ayni shu tuygʻu bilan mehnat va ijod qilib, avlodlarga buyuk maʼnaviy meros qoldirishgan. 

Masʼuliyat va masʼuliyatsizlik 

 Masʼuliyat – bu har bir kishining kasbiy, shaxsiy va ishchanlik fazilatlari, uning faoliyat uslubi, mehnatining ragʻbatlantiruvchi va samaradorlik omilidir. Masʼuliyat insonning davlat va jamiyatdagi oʻrni va rolini tavsiflaydi, uning davlat va jamiyat bilan oʻzaro munosabatlari­ni belgilaydi. Mustaqillikni mustahkamlash, islohotlarni izchil davom ettirish, jamiyatda barqarorlikni taʼminlash lozim boʻlgan hozirgi sharoitda turli jabhalardagi jarayonlarda masʼuliyatni oshirishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu jara­yonda masʼuliyat, avvalo, samarali davlat va mahalliy boshqaruv hamda kadrlar bilan ishlash siyosatini olib borishning muhim omili sifatida namoyon boʻladi. 

«Shoshib nima ham qildim», «keyin qilaman», «ulguraman» degan bahonalar esa masʼuliyatsizlikning koʻrinishlari boʻlib, bu hayot tarzimizning notoʻgʻri shakl­lanayotganidan dalolatdir. Telefon, planshet va komputer yoshlarning doimiy hamrohiga aylandi. Aynan shu gadjetlar yoshlar nigohini «mixlab» masʼuliyatsizlik hissini uygʻotmoqda. Murgʻak qalblarda virtual dunyodagi kabi, birgina tugmani bosish bilan masala, hal degan fikr paydo boʻladi. Vaqt, mehnat, intizom va izchillik kabi qad­riyatlar esa ortga suriladi. 

Muhim omil

Yangi Oʻzbekistonda islohotlar, avvalo, inson uchun, uning manfaatlari uchundir. Islohot va masʼuliyat – har bir jamiyatda oʻzgarishlar va rivoj­lanishga olib keluvchi muhim omil sifatida bir-birini toʻldiradi, jamiyatdagi hayot darajasi va aholi farovonligini oshirish, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni yangilashda muhim rol oʻynaydi. Jamiyat hayotida amalga oshiriladigan islohotlar turli jabhalarda ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlaydi. Islohotlarni samarali amalga oshirishda masʼuliyatli shaxslar va tashkilotlarning oʻrni boʻlak. Demak, islohotlar ijtimoiy toʻqimadagi har bir shaxsning hissasiga, oʻzgarishlarga boʻlgan masʼuliyatiga bogʻliqdir. 

 Nafsilamrini aytganda, islohotlar va masʼuliyatning oʻzaro bogʻliqligi jamiyatda muvaffaqiyatga eri­shish uchun muhimdir. Agar islohotlar toʻgʻri va adolatli amalga oshi­rilsa, masʼuliyatli va shaffof boshqaruv ostida jamiyatdagi barqarorlik va rivojlanish taʼminlanadi. Bularni birlashtirish orqali oʻzgarishlar haqiqiy va ustuvor boʻladi. Jamiyatning har bir aʼzosi oʻzgarishlarga masʼuliyat bilan yondashganida, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi yuqori boʻladi va davlatning rivojlanishiga katta hissa qoʻshiladi. 

Daxldorlik hissi 

 Bugungi kunda dunyo­ning turli mintaqalarida sodir boʻlayotgan ziddiyatlar, noxush voqealar barcha­mizni birdek tashvishga soladi. Dilni xira qiladigan bunday voqealar bizdan uzoqda, deb unga loqayd qarash kaltabinlikdir. Shuning uchun jahonda yuz berayotgan voqea-hodisa­lardan hamisha ogoh boʻlish, ona Vatanimizdagi tinch-oso­yishta va farovon hayotning qadriga yetish barobarida, shu osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson oʻz hissasini qoʻshmogʻi, el-urt taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik tuygʻusini diliga jo qilmogʻi darkor. 

Vijdoni pok, maʼnaviy kamolotga erishgan odam haqiqat va adolatning topta­lishiga befarq qarab turolmaydi. El-yurt manfaatiga zarar yet­kazadigan xatti-harakatlarni, oʻz yurti va xalqiga nisbatan xiyonat hamda sotqinlikni hech qachon qabul qilolmaydi va uni kechirolmaydi. Bunday holatlarni koʻrganda vijdonan qiynaladi, qalban eziladi. Qan­day qilib boʻlmasin, ularni bartaraf etishga kirishadi va bunga erishadi. 

 Mamlakat va millat taqdiri bilan bogʻliq jarayonlarda fuqarolarning toza eʼtiqod, hushyorlik hamda masʼuliyat bilan harakat qilishi, yaxshini yomondan, aslni soxtadan farqlay olishi maʼnaviyat darajasining mezoni sifatida maydonga chiqadi. Buning uchun oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi va t-aʼlimiga jiddiy eʼtibor qaratmoq lozim. Ana shundagina hech qanday yot gʻoyalar va mafkuralar ular ongiga taʼsir eta olmaydi, oldimizga qoʻyilgan yuksak marralar zabt etilaveradi. 

 Yangi Oʻzbekis­ton sharoi­tida huquq-tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar organlari xodimi, avvalo, egalla­gan lavozimiga har tomonlama munosib, eng muhimi, maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk, dunyoqarashi keng boʻlishi lozim. 

 Osoyishtalik posbonlari dunyoqarashi va maʼnaviyati yuksakligi bobida barchaga namuna, ibrat boʻlishini zamon talab qilmoqda. Davr har birimizdan oʻzimizni tinimsiz taftish qilish, oʻz ustimizda muntazam ishlash, faoliyatimizni toʻxtovsiz takomillashtirishni kun tartibiga qoʻymoqda. Negaki, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati xalq orasida, ular nazarida kechadi. Shu bois xodimlardan yuksak madaniyat bilan bir qatorda, odamlarni qonunlarga va jamiyatdagi mavjud qoidalarga hurmat bilan ergashtira olishi talab etiladi. Bu xo­dimning maʼnaviy qiyofasini belgilab beradi, xalq orasida obroʻ-eʼtiborini oshiradi. 


Azizjon FAYZIYEV, 

 podpolkovnik.