Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(2025-yil – Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili)
Soʻnggi yillarda dunyoda tabiat «chekinmoqda». Harorat oshishi va yogʻingarchiliklardagi oʻzgarishlar, daraxtzorlar kamayishi, qishloq xoʻjaligi degradatsiyasi kuchaymoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, millionga yaqin oʻsimlik va hayvonot turlari yoʻq boʻlish arafasida. Soʻnggi 50 yilda yovvoyi tabiat dunyosi 69 foizga qisqardi, iqlim oʻzgarishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidar natijasida hayvonlarning genetik resurslari qisqarib ketdi. Natijada 100 dan ortiq tur, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yoʻlbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yoʻq boʻlib ketdi.
Ochigʻini aytganda, uzoq yillar davomida yurtimiz boyliklarining pala-partish oʻzlashtirilgani, yaqin vaqtlargacha qishloq xoʻjaligi sohasida «paxta yakkahokimligi» hukm surgani uchun tabiat bilan iqtisodiyot oʻrtasidagi muvozanat buzilgani sir emas. Ayniqsa, boylikning onasi boʻlgan yer-suv resurslaridan oqibatini chuqur oʻylamasdan, notoʻgʻri foydalanish natijasida ekin maydonlarimiz yaroqsiz, unumsiz holga kelib qoldi. Orol dengizining qurishi, ekologik vaziyatning yomonlashuvi nafaqat qishloq xoʻjaligiga, balki milliy iqtisodiyotimizga va xalqimizning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Tan olib aytish kerak, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning asosiy tarmoqlaridan biri sanaladi. Bugun oziq-ovqat taʼminotini barqaror yetkazib berishdagi qiyinchiliklar hamda global savdodagi toʻsiqlar ham millionlab insonlar hayotida salbiy iz qoldirmoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda dunyodagi 22 ta davlatda oziq-ovqat tanqisligi kuzatilmoqda. Mamlakatimizdagi aholining oʻsishini, shuningdek, yer maydoni kengayib qolmasligini eʼtiborga olib, yer va suv resurslarining sifatiga taʼsir qiluvchi ob-havo sharoiti oʻz kuchini koʻrsatayotgan hozirgi sharoitda «yashil» iqtisodiyotni yaratish yoʻliga oʻtish dolzarbdir. Jahon resurslari institutining prognoziga koʻra, 2040-yilga borib, Oʻzbekiston sayyoramiz boʻyicha suv tanqisligi eng yuqori boʻlgan 33 ta mamlakatdan biriga aylanadi. Hosildorlikning kamayishi mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligi va toʻlov balansini taʼminlash borasida jiddiy oqibatlarga olib kelishini unutmasligimiz kerak.
Prezidentimiz Koreya Respublikasida oʻtkazilgan «Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030» (P4G) ikkinchi xalqaro sammitida soʻzlagan nutqida: «Bugungi kunda ona tabiatning oʻzi bizga yoʻllayotgan ogohlik qoʻngʻirogʻiga beparvo boʻlmasligimiz kerak. Afsuski, iqlim oʻzgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Biz yashayotgan Markaziy Osiyoda soʻnggi 30 yilda oʻrtacha yillik harorat taxminan bir darajaga koʻtarildi. Mintaqamizdagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Bugʻlanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanishi muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Bugungi kunda «yashil taraqqiyot» borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali boʻlishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yoʻq», deb taʼkidlaganlarida umumiy uyimizga koʻzga koʻrinmas xavf-xatarning oldini olishda barchamiz masʼul ekanligimizni nazarda tutib, Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni taʼminlash maqsadi mujassam edi.
«Yashil» iqtisodiyot iqtisodiyot fanlarining bir yoʻnalishi sifatida XX asrning oxirida paydo boʻlgan. «Yashil» iqtisodiyot deganda, insonning eng hayotiy muhim manfaatlari, yaʼni hayoti va sogʻligʻi uchun zarur boʻlgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani asrab-avaylagan va unga zarar yetkazmagan holda saqlab qolib, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari bilan bogʻliq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni amalga oshirishga asoslangan faoliyatning zamonaviy yoʻnalishi tushuniladi.
Prezidentimiz tomonidan «yashil iqtisodiyot»ga oʻtish va uglerod neytralligiga erishish Yangi Oʻzbekistonning ustuvor strategik vazifasi etib belgilandi. Chunki «yashil iqtisodiyot»ga oʻtish mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga zararli taʼsir oʻtkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-dekabrdagi «2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining «yashil iqtisodiyot»iga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilinganini eslaylik. Mazkur hujjat bilan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga oʻtish va «yashil» oʻsishni taʼminlash dasturi tasdiqlandi.
«Yashil» iqtisodiyot quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni birinchi navbatdagi masala sifatida kun tartibiga qoʻymoqda:
birinchidan, aholining yuksalib borayotgan ehtiyojlarini qondirib, ularning farovonligi, yashash darajasi va sifatini oshirish uchun moddiy neʼmatlarni yaratishni barqaror ravishda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan koʻpaytirib borish lozim;
ikkinchidan, ishlab chiqarish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun energiya resurslari kerak boʻladi, bularni qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan koʻpaytirish, jamoat transportini ham elektr quvvati bilan yuradiganlariga almashtirish, energiyani tejaydigan binolarni barpo qilish kabi yoʻnalishlarda ishlarni olib borish;
uchinchidan, atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmaydigan, atrof-muhitni asraydigan, ekologik toza texnologiyalarni yaratish orqali ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish masalasiga ham alohida ahamiyat berish lozim boʻladi;
toʻrtinchidan, bir tomondan, tabiatdagi barcha resurslar cheklangan bir paytda inson ehtiyojlari cheksizligini inobatga olib, ularning muvofiqligini taʼminlash maqsadida neʼmatlarni ishlab chiqarishni kengaytirishni tabiiy resurslarni kamaytirmasdan amalga oshirish choralarini ham koʻrish dolzarb masalalar sirasiga kiradi;
beshinchidan, aholi, ayniqsa, maktab oʻquvchilari, talaba-yoshlarni tabiatni tushunish, ekologik taʼlim-tarbiya, ezgulik, koʻngilchanlik, rahmdillikka davʼat etuvchi ekologik madaniyatni shakllantirish zarur boʻladi.
Oʻzbekiston bioxilma-xilligi 27 mingdan ortiq turlarni oʻz ichiga oladi. Oʻsimlik dunyosi 11 ming turni tashkil etadi (oʻsimliklarning 324 turi va qoʻziqorinning 3 turi Oʻzbekistonning «Qizil kitob»iga kiritilgan). Shuning uchun hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishimiz kerak.
Atrof-muhitga zararli taʼsirlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Hududlarimizda «yashil bogʻlar» va «yashil jamoat parklari»ni barpo etishdek ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida loyiha doirasida 588 gektar oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikka xizmat qiladigan «yashil bogʻlar», inson salomatligiga xizmat qiladigan 662 gektar «yashil jamoat parklari», Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida 40 km masofada «yashil belbogʻ»lar barpo etildi. Eʼtiborlisi shundaki, aholi maskanlari va mahallalarda «yashil maydonlar»ni koʻpaytirish uchun maqsadli mablagʻlar ajratilmoqda. Barcha davlat idoralari, korxonalar va oliy taʼlim muassasalarida «yashil bogʻlar» yaratilmoqda.
Sharif QOBILOV,
IIV Akademiyasi professori, polkovnik.
