Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Insoniyat hayoti koʻplab ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolar bilan uzviy bogʻliq. Ayniqsa, sanoatlashuvning rivojlanishi, tabiiy resurslardan shafqatsizlarcha foydalanish, oziq-ovqat yetishtiriladigan qishloq xoʻjalik maydonlarining keskin qisqarishi, choʻllanish va suv yetishmovchiligi xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlarining, qolaversa, butun dunyo jamoatchiligi diqqat markazida turibdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti BMT 1972-yil 15-mart kuni Bosh Asambleyaning 2997-rezolyutsiyasiga binoan, atrof-muhitni muhofaza etish boʻyicha UNEP United Nations Enviroment Programme tashkilotini tuzdi. YuNEPning ekspertlari «yashil iqtisodiyot»ni insonlar hayot darajasini yuksaltiradigan, ijtimoiy adolatni taʼminlaydigan va shu bilan birga, atrof-muhitning zararlanish xavfini kamaytiradigan faoliyat deb baholaganlar.

Hozir koʻp martalab irod etilayot­gan «barqaror rivojlanish» atamasi ham BMT shafeligida 1983-yilda atrof-muhit holatini, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish oqibatlarini tahlil etgan maxsus xalqaro komissiyaning «Bizning umumiy kelajagimiz» deb nomlangan maʼruzasida ilk marta sustainable development atamasi sifatida ommalashdi.

2009-yilda BMTning «Global yashil yangi kurs» kontseptsiyasi atrof-muhit dasturi sifatida taklif etildi. Uning asosiy mazmuni investitsiyalarni kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirishga yoʻnaltirish va ragʻbatlantirishga, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga, ekologik talablarga javob beradigan transport vositalarini yaratishga va qoʻllashga, energosamaradorlikni taʼminlashga hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq masalalarni hal etishga qaratilgan. 2009-yil iyunda 34 ta mamlakat «Yashil iqtisodiyot» deklaratsiyasini imzoladi va «ham inqirozdan chiqish uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar doirasida, ham uning doirasidan tashqarida «yashil oʻsish» strategiyalarini joriy etish uchun saʼy-harakatlarni mustahkamlashini, «yashil» va «oʻsish» tushunchalari bir-biriga chambarchas bogʻliqligini tan olishi­ni» maʼlum qildi.

«Yashil iqtisodiyot». «Yashil iqtisodiyot» – tabiiy zaxiralarga taʼsir etmaydigan iqtisodiyot boʻlib, uning kontseptsiyasi tabiiy resurslarni asrash va tabiatga salbiy taʼsirni kamaytirishdir. Inson hayotining oʻsishi tabiiy kapital oʻsishi bilan barobar boʻlishi darkor boʻlib, bunga «yashil oʻsish» deyiladi. Uning maqsadi – jamiyat barqarorligiga erishish uchun ekotizimga bosimni kamaytirib, ijtimoiy siyosat, iqtisodiyot va ekologiya oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdir. «Yashil iqtisodiyot»ning barqarorlik, adolat va qadr-qimmat, bosh­qaruv va moslashuv, sogʻlom koinot kabi mezonlari; yashil energetika, «yashil iqtisodiyot» va qishloq xoʻjaligi, «yashil iqtisodiyot» va transport, «yashil texnologiyalar», «yashil moliya», «yashil iqtisodiyot» va turizm, «ya­shil iqtisodiyot» va inson kabi aniq yoʻnalishlari, shuningdek, «yashil iqtisodiyot» sohasida yetakchi mamlakatlar – Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Shvetsiya, Shveytsariya kabi rivojlangan mamlakatlarning bu sohada oʻrganishga molik ijobiy tajribalari mavjud.

Mingyillik maqsadlari yakuni koʻrib chiqilgan 2015-yilning sentyabrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi tarixiy sammitida qabul qilingan «Barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibi» boʻyicha 70-sonli rezolyutsiyada iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik komponentlarda barqaror rivojlanishni koʻzda tutuvchi 2030-yilgacha erishilishi lozim boʻlgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari va ularga bogʻliq boʻlgan 169 ta vazifa va 232 ta koʻrsatkich belgilab olingan deklaratsiya qabul qilindi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, BRM dasturi 17 ta global maqsadni oʻz ichiga oladi: qashshoqlikni yuqotish; ochlikni tugatish; sogʻliq va farovonlik; sifatli taʼlim; gender tengligi; toza suv va sanitariya; arzon va toza energiya; munosib ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy oʻsish; sanoatlashtirish, innovatsiyalar, infratuzilma; tengsizlikni kamaytirish; barqaror shaharlar va qulay yashash joylarini yaratish; masʼuliyatli isteʼmol va ishlab chiqarish; iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish; dengiz ekotizimlarini asrash; quruqlikdagi ekotizimlarni asrash; tinchlik, adolat va samarali boshqaruv; barqaror rivojlanish yoʻlida hamkorlik.

2015-yilda Oʻzbekiston huqumati 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasida global kun tartibini amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni qabul qilib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekiston sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoevning saʼy-harakatlari va rahbarligida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish faollashdi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.

«Yashil iqtisodiyot» – bu ertangi kun iqtisodiyoti va aynan u XXI asr iqtisodiy taraqqiyotining harakatga keltiruvchi kuchi boʻlishi kerak. Olimlarning fikricha, «yashil iktisodiyot» nazariyasi kuyidagi uchta aksiomaga asoslanadi:

 

– cheklangan makonda taʼsir sohasini uzluksiz kengaytirib boʻlmaydi;

– resurslar cheklangan sharoitda uzluksiz oshib borayotgan ehtiyojni qondirishni talab qilish mumkin emas;

– Yer yuzida hamma narsa bir-biri bilan bogʻliq.

 

Iqtisodiy oʻsishning anʼanaviy modelidan «yashil iqtisodiyot»ga oʻtish umumjahon trendi boʻlib, u nafaqat alohida milliy iqtisodiyotlarning, balki umuman butun jahon iqtisodiyotining barqarorligini belgilab beradi, «yashil iqtisodiyot»ni ilgari surish esa taraqqiyotning asosiy yoʻlidir.

Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16 tasida ishtirok etmoqda. Mazkur maqsadlarning yarmiga yaqini – bevosita iqlim oʻzgarishi, ekologiya, toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya ishlab chiqarish kabi oʻta muhim masalalar xalqaro tashkilotlar va davlatlar hamkorligida dadillik bilan amalga oshirilmoqda. Masalan, yashil energetikaga oʻtish strategiyasi boʻyicha 2023-yil oxirida mamlakatimizning qator viloyatlarida Saudiya Arabistoni va Xitoy davlatlari bilan hamkorlikda quyosh panellari stantsiyalarining ishga tushirilganligi buning yorqin isbotidir.

Oʻylaymizki, bu muvaffaqiyatlar poydevori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi «2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining «yashil iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar» toʻgʻrisidagi qaroridir. Ushbu qaror ijrosini taʼmilash boʻyicha 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyot»ga oʻtish va «yashil» oʻsish dasturi maqsad va vazifalarining amalga oshirilishi, uning maqsadli qoʻrsatkichlari, shuningdek, «Sanoat tarmoqlarida «yashil iqtisodiyot»ga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash kontseptsiyasi, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida «yashil iqtisodiyot»ga oʻtish va «yashil» oʻsishni taʼminlash boʻyicha harakatlar rejasi kabi maqsadli muhim hujjatlar ijrosi mamlakatimizning yaqin istiqbolda «yashil iqtisodiyot» taʼminlangan mamlakatga aylantiradi va uning bu sohada Markaziy Osiyoda yetakchilik qilishiga ishonchimiz komil.

 

Shuhrat GʻOYIBNAZAROV,

siyosiy fanlar doktori, professor,

isteʼfodagi polkovnik.