Ota-bobolarimiz ham «Birni kessang, oʻnni ek», deya bejiz taʼkidlamagan. Bu maqolning mohiyatida shunchaki nihol ekib, bogʻ yaratish emas, balki bizni oʻrab turgan olamdagi yashillikni saqlashdek ezgu maqsad mujassam. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʻun boʻlib yashashimiz kerak.
Bu nima degani? Bu – tabiatni asrash suv resurslarini tejash, isrof qilmaslik, ekologik tizimni barqarorlashtirish, daraxt ekib, bogʻ yaratish degani.
Soʻnggi yillarda dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoatning yuqori surʼatlarda rivojlanib, tabiatga nisbatan inson omilining ortishi ekologiyaga sezilarli darajada salbiy taʼsir oʻtkazayotgani hech birimizga sir emas. Bu jarayonlar bir osmon ostidagi mamlakatlar qatorida, bizning yurtimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Dunyoda sodir boʻlayotgan iqlim oʻzgarishlarining oqibatlari har bir davlatni «yashil taraqqiyot» hamda «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga monand harakatlarni amalga oshirishga daʼvat etmoqda.
Prezidentimizning «Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, yurtimizda daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasining joriy etilishi bu borada tizimli ishlarning yanada keng quloch yoyishiga xizmat qildi.
Oʻtgan yili yurtimizda kuz mavsumining «dolzarb
40 kunligi»da koʻplab hudud va tarmoq rahbarlari, mahallalar, aholi, fermer-dehqonlar, umuman keng jamoatchilik jonbozlik koʻrsatib, 85 million dona daraxt koʻchatlari ekildi.
Joriy yilning 2-fevral kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida keng hududlardagi ekologik holatni yaxshilash hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha joriy yildagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ushbu umummilliy harakatdagi ustuvor vazifalardan biri – joriy bahor mavsumida 125 million dona daraxt koʻchatlarini
ekishni samarali tashkil etishdan iborat. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish masalasi alohida eʼtiborda.
Bunda tegishli tartibda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan «daftarlar»ga kirgan, koʻchat ekish boʻyicha tajribasi bor aholiga koʻchatxonalar tashkil etish va zarur texnika, sifatli nihollar va urugʻlar xarid qilish, koʻchatlar yetishtirish uchun subsidiyalar ajratish ham koʻzda tutilgan. Koʻchatlarni yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni taʼminlagan holda, ularning narxi asossiz oshib ketmasligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini aholiga bepul tarqatish belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, xalqaro va respublika ahamiyatidagi yoʻllarning chetlariga 1,5 million dona daraxtdan ihotazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Yurtimizning shahar-u qishloqlarida koʻklam nasimlari esib, allaqachon bahor darakchisi boychechaklar boʻy koʻrsatib ulgurgan ayni damlarda butun mamlakatimiz boʻylab «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlandi. Mehnatsevar xalqimiz ona zaminimizga nihol qadab, bogʻ-u rogʻ barpo etish,
uning har goʻshasini yashillikka burkashdek ulugʻ maqsad yoʻlida birlashdi. Bugun yurtimizda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan insonlar mazkur umummilliy loyihasida ishtirok etmoqda. Korxona-tashkilot, sektor hududlari, maktabgacha taʼlim dargohlarida ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Shu oʻrinda umummilliy loyiha hududlarda yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini barpo etish, koʻchatxonalar sonini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirishga xizmat qilishini ham taʼkidlash joiz. Endilikda daraxtlarga shikast yetkazish va nobud qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazorati yanada oshiriladi. Daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga
oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish, har bir daraxtni parvarish qilish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni belgilash, bu borada ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etishda boshqaruv tizimini takomillashtirishdek qator zarur chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.
Bizni oʻrab turgan borliq oʻt-oʻlan, gul-giyoh, dov-daraxtlar bilan yashil tus olishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu yashillikning kundalik turmushdagi foydalilik jihatlarini sanab oxiriga yetish qiyin. Birgina toza havodan nafas olishimiz uchun musaffolikni taʼminlashning oʻzi misli koʻrilmagan tortiq, aslida.
Eʼtiborli jihati shundaki, yurtdoshlarimiz bugun shunchaki nihol qadashmayapti, balki qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini anglashmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas».
Ushbu yoʻnalishdagi ezgu va xayrli ishlar bardavom «Yashil makon» harakatiga aylanib, ona zaminimizda millionlab nihollar unib-oʻsib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti bilan bab-baravar koʻklarga boʻylashiga ishonchimiz komil.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
