Oʻz navbatida, blogerlarning jamiyatning ong-u tafakkuriga, qarashlariga taʼsiri ortib borayotir. Xususan, qaysidir olimning biror mintaqa yoki hududda kechayotgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning aniq tahlil qilib berishi ommaning oʻsha voqeaga nisbatan toʻgʻri munosabatini shakllantirishga omil boʻlyapti. 

Qolaversa, internet insonning soʻz erkinligiga doir huquqlarini samarali taʼminlashda qoʻl kelayotir. Ammo mazkur erkinlikdan ayrimlarning asossiz shov-shuv koʻtarish yoki noqonuniy pul topish maqsadida foydalanishayotgani koʻngilni xira qiladi. Shu oʻrinda bir hamkasbimdan eshitganim mavzuga oid holatni bayon etsam. 

«Tumanimizda bir bloger tashkilot va korxonalar boshliqlarining aybini ochish bilan shugʻullanadi. Kimdir rahbarining nohaqligidan shikoyat qilib kelsa, bloger oʻsha odam orqali rahbar toʻgʻrisida negativ material toʻplab, uni ijtimoiy tarmoqda sharmanda qilish bilan qoʻrqitadi va murojaatchining muammosini hal qiladi. Soʻng rahbarni qisishda davom etib, oʻzi uchun katta pul undiradi».

Ana shu tafsilotdan soʻng oʻsha «bloger»ning «Youtube»dagi bir nechta materiallarini koʻrdim. Muallif izohidagi imlo xatolariga qaraganda, savodi haminqadarligi, oʻzini tutishidan esa oʻta surbetligi sezilib turardi. Ochigʻi, qaysidir maʼnoda bizga hamkasb boʻlgan blogerdan ranjiganim holda, unga «boj» toʻlayotgan masʼullarga rahmim kelmadi. Vaqti kelib, ular qilgan qonunbuzarliklari uchun qonuniy jazolarini ham olishiga ishonaman.  

Xullas, bugun koʻplab blogerlar el dardi bilan yonib yashayotir, tayyorlagan materiallari bilan xalqning hurmatini qozonib, obunachilar va koʻrishlar soniga koʻra yaxshigina pul topishmoqda. Oʻz navbatida, jigʻildonini harom luqma bilan toʻldirishdan or qilmayotgan blogerlar esa sharmanda boʻlib, qachondir qilmishiga yarasha jazosini oladi. Zero, bu koʻhna dunyo toʻgʻri yaxshilik, egri yomonlik topqusini koʻp bora isbotlagan.  

 Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.