Adolatli, halol, mehnatsevar insonlar doimo xalqimizning hurmat-eʼtiborida boʻlgan. Uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan isteʼfodagi podpolkovnik Shavkat Otajonov ham ana shunday fidoyi insonlardan biridir.

Yoshlikdan ilm olishga, oʻqimishli, maʼrifatli inson boʻlishga intilgan Shavkat Otajonov maktabni tamomlagach, Urganch davlat pedagogika institutida tahsil oldi. 

U 1975–1981-yillar Urganch tumanidagi maktabda oʻquvchilarga ingliz tilidan saboq berdi va kelgusidagi faoliyatini xalq taʼlimi sohasida davom ettirdi.

1984-yil Urganch tumani IIB boshligʻining shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan Shavkat Otajonov yetti yillik samarali xizmati davomida kadrlar bilan ishlash sohasidagi bilim va malakasini boyitdi. 

1991-yil mayor Shavkat Otajonov viloyat IIB boshligʻining shaxsiy tarkibni ijtimoiy-huquqiy himoyalash boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlanib, viloyat va uning quyi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularga ijtimoiy yordam berish, yurtga va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzining rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyatini namoyon qildi. Bir qator uslubiy va tahliliy qoʻllanmalar ishlab chiqilishiga bosh-qosh boʻldi.

Ustoz-shogird anʼanalariga amal qilib, Kenja Otajonov, Qalandar Xudoyberganov, Ozod Abdullayev, Komil Ibragimov, Xudargan Boltayev, Ramonbergan Avezovlar keyinchalik ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida rahbarlik lavozimlarida uzoq yillar samarali xizmat qilishdi. 

Shavkat Otajonov viloyat IIB huzuridagi Qoʻriqlash hamda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalarida masʼul lavozimlarda ham samarali xizmat qildi va yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol ishtirok etdi. El-yurt tinchligi uchun qilingan fidoyi xizmat besamar ketmadi va u Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliqlari, koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Hayotini yurtimiz osoyishtaligi, jamiyatimiz farovonligiga baxshida etgan bu fidoyi insonning pensiyaga chiqqaniga oʻn yetti yildan oshgan boʻlsa-da, u hamon jamiyatimiz rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Qolaversa, yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, kasbiga mehr, burchiga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻz maslahatlarini ayamayapti. 

Yaqinda viloyat IIB rahbariyati tomonidan qutlugʻ yetmish yoshni qarshilagan lavhamiz qahramoniga «Ichki ishlar organlari faxriy xodimi» koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda Shavkat Otajonov bunday eʼtibor va eʼtirof uchun IIV hamda viloyat IIB rahbariyatiga oʻz minnatdorligini izhor etdi. 

– Vatanga xizmat qilish, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash ishi har kimga ham nasib etavermaydi, – deydi Shavkat Otajonov. – Taqdirimga mana shunday masʼuliyatli va sharafli vazifa yozilganiga behisob shukronalar qilaman. Bugun shogirdlar eʼtibori va eʼtirofidan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Shirin xotiralar gavdalandi. Buyam bir baxt, axir. Yoshlarga baxt va omad, xizmatlariga muvaffaqiyatlar tilayman. Yurtimiz doimo tinch va obod boʻlsin.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.