Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy – Buxoro viloyati Gʻijduvon qalʼasida 1103-yilda tugʻilib, 1220-yil vafot etgan. Xojai (Jahon xojasi) nomi bilan butun dunyoga maʼlum va mashhur.

Xoja Muhammad Orif Revgariy – Buxoro viloyati Shofirkon tumani Revgar qishlogʻida tugʻilib, yuz yildan ziyod umr koʻrib, 1259-yilda vafot etgan. Qabrlari ziyoratgohga aylantirilgan.

Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy – Vobkent tumani Anjir Fagʻnaviy qishlogʻida tugʻilib, 1286-yilda vafot etgan. Koʻplab karomat sohibi boʻlganlar. Bu qishloqning hozirgi nomi Anjirbogʻdir.

Xoji Ali Romitaniy – Romitan tumani Qoʻrgʻon qishlogʻida tavallud topgan, kasbi toʻquvchi boʻlgan. 130 yil umr koʻrib, 1321-yilda vafot etgan. Qoʻhna Urganchga dafn qilingan.

Xoja Muhammad Boboyi Samosiy – 1259-yilda Romitan tumani Samos qishlogʻida tugʻilib, 1354-yilda vafot etgan. Qabri shu qishloqda, kasbi dehqonchilik boʻlgan, gʻoyat nuroniy, oʻtkir nazarli zot boʻlgan.

Hazrat Sayid Amir Kulol – Buxoro yaqinidagi Suzar qishlogʻi (hozirgi Kogon tumani Yangi hayot qishlogʻi)da taxminan 1281-yilda dunyoga kelgan. Kulolchilik hunari bilan mashhur boʻlgani uchun Amir kulol deb atalgan. Paygʻambar (a.s.)ning nasablaridan boʻlgani uchun Sayidlardan hisoblanadi.

Hazrat Bahouddin Naqshband – Buxoro yaqinidagi Kasri Hinduvonda 1318-yilda tugʻilib, 1389-yilda vafot qilgan. Hozirda bu qishloq Kasri Orifon deb yuritiladi. Bu moʻʼtabar nom asrlar osha musulmon olamida «Shayx Naqshbandi», «Xojai Buzurg», «Shoh naqshband» nomlari bilan mashhur, u zot asos solgan soʻfiylikning Naqshbandiya tariqati hanuz koʻplab muxlislarga egadir.