Inson hayoti doim bir maromda kechmaydi. Gohida toʻgʻri va egri yoʻllarga, turfa sinovlarga roʻbaroʻ kelishi mumkin. Ana shunday paytda ruhan sinmagan, qiyinchiliklarni sabot bilan yengib oʻtganlar haqiqiy mard va olijanob kishilardir. 2004-yilda ichki ishlar organlariga ishga kirib, 2016-yilgacha samarali xizmat qilgan mayor Mansur Mirzakarimov ham qismatning kutilmagan sinovlariga duch keldi.

Sohadagi faoliyatini Toshloq tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimida boshlagan M. Mirzakarimov keyinchalik oʻn yilga 

yaqin vazirlikning Fargʻona shahridagi Serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida oʻqituvchi boʻlib ishladi. 2016-yilda Fargʻona viloyati IIB Pat­rul-post xizmati ba­talyoni 4-otryad boshligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Aynan shu yili ayrim sabablarga koʻra, oʻzi sevgan va mehr qoʻygan kasbidan boʻshatib yuboriladi.

Joriy yilning 19-may kuni Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov tomonidan Fargʻona shahrida oʻtkazilgan sayyor qabulda uning yetti yillik iztiroblariga uzil-ke­sil nuqta qoʻyildi. Ichki ishlar vaziri Man­sur Mirzakarimovning murojaati va unga aloqador barcha hujjatlarni sinchkovlik bilan oʻrga­nib chiqib, shu joyning oʻzida mutasaddi rahbarlarga 10 kun muhlat ichida uni ishga tiklab, buyruq chiqarish haqida topshiriq berdi.

Vazir Mansur Mirzakarimovga omad tilar ekan, kelgusida boshqa xodimlarga oʻrnak boʻlib, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga chaqirdi. U esa shu lahzalarda «Oʻzbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman» dedi-yu, beixtiyor quvonchdan yigʻlab yubordi.

– Yetti yillik umrim qanday iztirobda oʻtgani yolgʻiz oʻzimga va yaratganga ayon, – deydi mayor Mansur Mirzakarimov. – Oʻsha kungi holatimni soʻz bilan ifodalab berolmayman. Avvalambor, inson qad­rini ulugʻlayotgan yurtboshimizga, adolat va haqiqatni tiklab, yetti yillik iztiroblarimni aritgan Ichki ishlar vaziriga, menga ishonch bildirgan Fargʻona viloyati IIB boshligʻiga hamda sud organlariga minnatdorlik bildiraman. Kelgusida bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor bili­mim, kuch-quvvatimni ishga solib, el-yurt oso­yishtaligiga munosib hissa qoʻshaman.

Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi mayor Mansur Mirzakarimov sayyor qabuldan soʻng koʻp oʻtmay, yana egniga xizmat kiyimini kiydi. Hozirda Quvasoy shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimida xizmat qilmoqda.

Qahramonimiz xiz­mat qilayotgan Quvasoy shahri Fargʻona shahriga tutashib ketgan. Uyi va ishxonasining orasi qariyb 20 chaqirim masofa. Yuzi yorugʻ boʻlgan va oʻz kasbini yana davom ettirayotgan yurt oʻgʻloni har kuni erta tongda farzandlari bilan xayrala­shib, xizmatga otlanarkan, yoʻl-yoʻlakay amalga oshi­rilayotgan bunyodkorlik ishlarini, mehnat qucho­gʻiga shoshayotgan zamondoshlarini koʻrib, inson qadri va manfaatlari oliy darajada ulugʻlanayotgan ana shunday yurtda 

yashayotganiga shukrona keltiradi.

Abduvosit SIDIQOV,

«Postda» muxbiri.

Fargʻona viloyati.