Yoʻl-transport hodisalarining asosiy qismi tezlikni meʼyoridan oshirish bilan bogʻliq boʻlayotgani sababli Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining ayrim hududlarida transport vositalarining yuqori harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilandi. Tegishli yoʻl belgilari oʻrnatilib, koʻchalarda oʻrnatilgan maxsus moslamalar ham transport vositalarining tezligini aniqlashda cheklangan tezlikka moslashtirilgandan soʻng tezlikni oshirganlik uchun jarimaga tortishlar boshlandi.
Eʼtibor berib qaralsa, muqaddas dinimizda ham yoʻl harakati qoidalariga ijtimoiy qoidalar sifatida qaralganini va unga rioya qilishga buyurilganini koʻrish mumkin. Yaʼni, yoʻl harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga yetishga xizmat qilishi taʼkidlangan: hayotni saqlash, avlodni saqlash va mulkni saqlash.
Transport vositasini boshqarishda rioya etilishi lozim boʻlgan koʻplab odoblar mavjud. Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida oʻzi va oʻzgalarni xatarga qoʻymasligi, piyodalar, yoʻlovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yoʻl harakati ishtirokchilarining barchasi yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishi lozim boʻladi. Qoidani buzish – boshqa bir yoʻl harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, shariatda ham ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi sharʼiy jihatdan haddidan oshgan va oʻz joniga qasd qilgan maqomida boʻladi.
Taassufki, ayrim joylarda transport vositalarining yuqori harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilangan boʻlsa-da, baʼzi haydovchilarimiz quyushqondan chiqib, shamoldek uchib harakatlanishadi. Natijada avtoulovni boshqara olmay YTHga uchraydi yoki bir begunoh insonning hayotiga zomin boʻladi. Keyingi paytlarda mana shunday haydovchilarni «Yoʻldagi qotillar» deya nomlashmoqda. Haqiqatan ham, bu toifadagi kimsalar birovning hayotini zigʻircha ham oʻylashmaydi. Yoʻqsa, tezlik pedalini bu qadar oxirigacha bosmagan boʻlishardi.
Shuningdek, haydovchilarning yoʻllarda harakatlanish madaniyatiga ega emasligi, bir-birini hurmat qilmasligi, keraksiz holatlarda signal chalaverib boshqalarning ham asabiga tegishiga koʻzimiz tushib qoladi. Yoki boʻlmasa, YTH sodir etilganida ikki tomon ham bir-birini haqorat qilib, hatto yoqalashib ketish holatlari uchrab turibdi.
Haydovchilar bilan bir qatorda, piyodalar ham oʻz majburiyatlariga amal qilishsa, koʻplab baxtsiz hodisalarning oldi olingan boʻlar edi. Negaki, keyingi paytlarda sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarini tahlil qilib chiqsak, piyodalar ishtirokida sodir boʻlayotgan turli koʻngilsizliklar soni tobora ortib borayotganiga guvoh boʻlamiz. Yaʼni ayrim piyodalar yoʻlning belgilanmagan qismidan kesib oʻtishi natijasida transport vositalarining harakatiga xalaqit qilishi oqibatida toʻqnashuvlar yuz berishi kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, transport vositasining beixtiyor urib yuborishi natijasida yurtdoshlarimiz hayotdan koʻz yummoqda, baʼzilarining bir umrga mayib-majruh boʻlib qolishiga olib kelmoqda.
YPX inspektorlari tomonidan joylarda oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar davomida piyodalarni hushyorlikka chorlab, ularga xavfsiz yurish talablari tushuntirib borilyapti. Ana shunday tadbirlarda qoidabuzar piyodalar bilan ham profilaktik suhbatlar olib borilganida, ularning aksariyati, «Shoshib turgandim», «Bilmay qolibman», deb oʻz qilmishlarini xaspoʻshlashga intiladi. Ular nazarida arzimasdek boʻlib koʻringan bu xatolar pirovardida juda katta fojialarga sabab boʻluvchi halokatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini oʻylab ham koʻrishmaydi. Koʻza kunda emas, kunida sinadi. Baxtsizlik ham ehtiyotsizlik qilingan vaqtda sodir boʻladi.
Vaziyat shu darajaga yetyaptiki, bu masalaga davlatimiz rahbari ham alohida eʼtibor qaratyapti. Yaqinda Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezident 48 foiz YTHlarning sababi yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar hisobiga kelib chiqayotganligini taʼkidlarkan, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar qoniqarli emasligini aytib oʻtdi. Masalan, oʻtgan olti oyning oʻzida 4 mingga yaqin avtohalokat sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortigʻi jarohat olgan. «Vaziyatni yaxshilash boʻyicha «Oʻzavtoyoʻl» va hokimliklarning masʼuliyati umuman sezilmayapti. Ular faqat asfalt yotqizish bilan ovora, harakat xavfsizligi esa eʼtibordan chetda qolib ketgan», – dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga muhim topshiriqlar berilib, kelgusida «Yoʻl harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida» tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy soʻrov oʻtkazish yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlandi.
Endi yoʻldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yoʻl-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qoʻyiladi. Eng xavfli yoʻl va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun: nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yoʻl toʻsiqlari kerak; qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yoʻlaklari zarur; harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tugʻdirayotgan «yama» va «garmoshkalar»ni taʼmirlash uchun qancha mablagʻ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.
Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yoʻl va chorrahalarda tartib oʻrnatish loyihasini boshlashga koʻrsatma berildi.
Xulosa qilib aytganda, yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish faqatgina yoʻl-patrul xizmati inspektorlarining yoki boshqa tegishli tashkilotlarning ishi emas. Bunga butun xalqimiz jiddiy eʼtibor qaratib, jamoatchilik nazorati kuchaytirilsa, albatta, koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz.
Sarvar SOBIROV
tayyorladi.
