Maʼnaviyat va maʼrifat darsi


Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh 

Assambleyasi 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan.


Kelajak bunyodkorlari boʻlgan yoshlarning bugungi taʼlim-tarbiyasi ertangi kunimizni belgilab beruvchi muhim omildir. Shu bois ham Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlash, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi, oʻz iqtidorini toʻla-toʻkis namoyon qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bundan tashqari, ularning ijtimoiy, huquqiy himoyasi ham doimiy diqqat markazida. Koʻrinib turibdiki, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Yurtimizda 30 iyun – Yoshlar kuni deb eʼlon qilinib, turli soha va tarmoqlarda yuksak natijalarga erishib kelayotgan yoshlarimiz uchun «Mard oʻgʻlon» davlat mukofoti, «Kelajak bunyodkori» medali taʼsis etildi. 

Kelajagimizning qanday qurilishi, qanday yangilanish va oʻzgarishlar yuz berishi vatanparvar yoshlarimizga bugun berayotgan eʼtibor natijasiga bogʻliq. Ularni fidoyi, vatanparvar, ham intellektual, ham jismonan barkamol etib tarbiyalash asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan, bu saʼy-harakatlar zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan. Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan hujjati – 2016 yil 14 sentabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida»gi qonun ekanida ham ramziy maʼno mujassam. 

Qolaversa, ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi saʼy-harakatlarni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi Oʻzbekiston tarixida yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʻyicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.

Oʻzbekiston rahbari bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va ekstremizm shiddat bilan oʻsib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillardan biri sifatida asoslab berib, ayni davrda insoniyat tarixidagi eng koʻp yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda, BMT minbarida turib Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Quvonarlisi, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi. 

Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, «Yoshlar daftari» singari bir-birini takrorlamaydigan tizimlar yaratildi. Kam taʼminlangan yoki boquvchisi yoʻq oilada ulgʻayayotgan yoshlar uchun kam foizli kreditlar ajratilishi yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, kasanachilik, chorvachilik va shu kabi kichik biznes bilan shugʻullanishni istagan yoshlarga tuman hokimliklari tomonidan amaliy koʻmak berilmoqda.

Hozirgi globallashuv zamonida texnologiyalar barcha uchun birdek qiziq va ahamiyatli boʻlib qolmoqda. Shu bois yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga oʻrgatish dolzarbligicha qolmoqda. Ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha hududlarda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi. 

Maʼnaviyat–insonni kamolotga yetaklaydigan asosiy kuch. Har bir bola kelajakda maʼnaviy komil inson boʻlib shakllanishida oʻsmirlikda olgan tarbiyasi, taʼlimining ahamiyati beqiyos. Yoshlarda kitobxonlik koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida, yangidan-yangi tashabbuslar amalga oshirilib, respublika boʻylab kitobxonlikka targʻib qiluvchi turli koʻrik-tanlovlar, tadbirlar, festivallar oʻtkazib kelinmoqda. 

Muxtasar aytganda, yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun Oʻzbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga eʼtibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularni yagona maqsad yoʻlida birlashtirish maqsadida bugungi kunda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Ichki ishlar vazirligidagi jami 331 nafar boshlangʻich tashkilot yetakchilari va 1202 nafar sardorlari faoliyat olib bormoqda.

Ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlashda izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tizimda «Yosh rahbar xodimlar» rezervi shakllantirilib, bugungi kunda jami 258 nafar yosh xodim turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiluvchi yoshlar qatlamiga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.


Guli Nigor AVAZOVA tayyorladi.