1. Amallarni beminnat qil. Agar kimgadir yaxshilik qilish imkoning boʻlsa, buni hech bir nafsiz amalga oshir. Savob ish aylanib, oʻzingga beminnat qaytadi.

2. Yolgʻon gapirma. Inson atrofdagilarni aldab, oʻzini yolgʻon girdobiga gʻarq qilayotganini sezmaydi. Biz kimnidir aldar ekanmiz, aslida, oʻzimiz yolgʻonga aylanamiz. Shu tariqa, hayotimiz ham, taqdir yoʻllari ham yolgʻondan iborat boʻlib qoladi.

3. Boshqalarni emas, oʻzingni oʻzgartir. Har kimning oʻz tajribasi, oʻz yoʻnalishi bor. Sen bunda shunchaki oʻrnak yoki yordamchi boʻlishing mumkin, xolos. Hech qachon atrofdagilarning taqdiri ustidan hukmron boʻlishga urinma.

4. Ayni shu damda yasha. Xayollar va oʻylar bizni koʻpincha oʻtmish yoki kelajak sari olib ketadi. Shunday paytlarda baʼzi insonlar «bugun»ni his etmay oʻtkazib yuborishadi. Bu katta xato. Unutma, bugungi kun – hayotingda eng muhimi. Ayni shu damga toʻyib yasha, uning har bir onidan bahra ol va unumli foydalan.

5. Faqat orzu qilavermay, harakatga kech. Orzu amaliyotga koʻchgandagina roʻyobga chiqishi mumkin. Buni zinhor unutma!

6. Oʻzaro munosabatlar oʻzaro boʻlishi kerak. Faqat shu «oʻzaro»ga tayyorlar bilan muloqot qil, birga ishla va harakat qil. Shundagina munosabatlar oʻzaro rivojlanishingizga xizmat qiladi.

7. Ob-havoning yomoni boʻlmaydi. Agar muvaffaqiyatsiz urinishni oxirgi va imkonsiz emas, shunchaki sinab koʻrilgan va mos tushmagan variant sifatida koʻrishni, qiyin vaziyatlarni esa – shaxsiy rivojlanish muhiti sifatida qabul qilishni oʻrgansak, qimmatli kuch va vaqtimizni behuda koʻz yosh toʻkishga sarflamay, faqat oldinga intilishga odatlanamiz.

8. Dunyo – qalbingga tutilgan koʻzgu. Senga qanday munosabat qilishlarini istasang, xuddi shunday muloqotga kirish, fikrla, his et, bajar. Boshqacha soʻz bilan aytganda, oʻzingni har tomonlama sozla, toki koʻzgudagi aksing namunali koʻrinsin.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.