Birovga chuqur qazimoqchi boʻlsang – oʻz boʻyingga oʻlchab qazi, chunki oʻsha chuqurga oʻzing tushasan.
* * *
Baxtiyor damlardan keyin birdan baxtsizlik kelib qolsa, ajablanmang. Chunki ular azaldan egizakdirlar.
* * *
Bolangizga kam-kam bering – bir kamiga yaratadi.
Koʻp bermang – bir kun kelib, yuzingizni yerga qaratadi.
* * *
– E Xudo, – debdi dangasa yotgan joyida.
Shunda yonidagi sherigi: «Men uchunam Xudo devor, ogʻayni», dermish.
* * *
Keksa odamga uchta narsa kerak boʻladi: yumshoq soʻz, yumshoq taom va yumshoq toʻshak!
Jinoyatning boshi dangasalik va ishyoqmaslikdadir.
* * *
Toqqa bir kunlik sayrga chiqqan joʻralar bir-biriga qarab, maqtanishdi:
– Qoyil, yarimta qoʻyni yevoribmiz-a...
– Mana koʻrasan, yanagi safar bitta qoʻyni yevoramiz.
* * *
Qadimda bir donishmand aytgan ekan:
– Zamonlar kelar, hammaning tagida yoʻrgʻa (mashina deyilmoqchi) boʻladi, ammo bordi-keldi zoʻrgʻa boʻladi.
Darhaqiqat, jigarimizning eshigining tagidan «gʻuv» etib oʻtib ketamiz-u, bosh suqishga vaqtimiz yoʻq.
Erkin MALIK,
yozuvchi.
