Odatdagidek, avtobusda ishga ketayotgan edim. Avtobus har bekatda 5–10 daqiqa toʻxtab, odam yigʻardi. Oxiri, sabri chidamagan bir otaxon haydovchiga qarab: «Insofing bormi oʻzi, odamlar ishiga, oʻqishiga kechikyapti, axir», deya kuyundi. Shunda haydovchi otasi tengi kishini sensirab, surbetlik bilan shunday javob qaytardi: «Xohlasang shu, xohlamasang tushib ket, ana, taksi! Men planni bajarishim kerak». Bundan xafa boʻlgan otaxon: «Odobsiz ekansan, ustingdan arz qilaman», dedi. Haydovchi esa «Qoʻlingdan kelganini qil, senga oʻxshaganlarni har kuni koʻrib yuribman», deb zarda qildi.
Bu janjalga bir avtobus odam guvoh boʻldi. Lekin hech kim indamadi. Koʻngli ogʻrigan otaxon keyingi bekatda tushib qoldi.
Bir qarashda bu haydovchi va yoʻlovchi oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻlsa-da, aslida, qadriyatlarimizga boʻlgan ikki xil munosabatning oʻzaro toʻqnashuvi edi. Eng yomoni, shuncha odam guvoh boʻla turib, tomoshabinlikdan boshqasiga yaramadik. Loqayd qarab turaverdik. Nega?..
Amerikalik faylasuf Elvin Toffler oʻzining «Uchinchi toʻlqin» asarida shunday fikrni keltiradi: «Taraqqiyotning shiddati – qadriyat, anʼana, milliy madaniyat, did singari tushunchalarni, ular haqidagi tasavvurlarni keskin oʻzgartirib yuboradi. Natijada hech kimga oʻxshamagan «virtual avlod» shakllanadi». Yaʼni, bugunning gapi bilan aytganda, kompʼyuter bilan suyagi qotayotgan, eng soʻnggi axborotlardan xabardor, zamon bilan hamnafas yashayotgan avlod.
Taraqqiyot neʼmatlaridan boxabar boʻlib yashash yaxshi, albatta. Chunki bu dunyoqarashimizni kengaytiradi, ilm olishimizda koʻplab qulaylik va imkoniyatlar eshigini ochadi. Voqea-hodisalarga befarq boʻlmaslikka, kashfiyotlar qilishga undaydi. Va bu bevosita jamiyat rivojiga ham sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Biroq taraqqiyot shiddatini, tezligini hamma ham toʻla anglab yetgani yoʻq. Unga koʻr-koʻrona ergashayotganlar ham koʻplab topiladi. Achinarlisi, bundaylar axborot asrining shunchaki isteʼmolchisiga aylanib bormoqda.
Hayot maromi tezlashgani sari axborot oqimi ham koʻpayib bormoqda. Bu tezlik aqlimizni shoshirib qoʻymoqdaki, biz fan-texnika yutuqlari, umuman axborot isteʼmolchisiga aylanib boryapmiz. Taraqqiyotning ortidan yurib emas, yugurib ketayotgandekmiz. Yugurib ketayotgan odamning biror narsa haqida oʻylashga, fikr yuritishga vaqti yoʻq. Fikrsizlik esa insoniylik haqidagi tushunchalarimizga soya soladi va asta-sekin uni yemirib boradi. Ayni shu zamonaning shiddati bilan yuzaga kelayotgan fikrsizlik yuqoridagi avtobus haydovchisiga otasi tengi odamni behurmat qilgani haqida oʻylab, bundan afsuslanishiga vaqt qoldirmaydi. Chunki uni koʻproq odam tashishu moʻmay pul ishlash qiziqtiradi. Maqsadi esa oʻzi va oilasi ehtiyojini qondirish, yaxshi narsalar sotib olish, yaxshi yashashdangina iborat. Kechga yaqin uyiga charchagan koʻyi kirib boradi-yu, televizor tagiga yonboshlagancha pinakka ketadi.
Xuddi shunday, avtobusdagi tomoshabinlar ham «Menga nima, boshimda yuzta tashvish» deyishdan nariga oʻtolmaydi. Mana sizga
fikrsizlikning kichik misoli.
Biz hayotimizdagi oʻzgarishlarga mos ravishda oʻzimizga xos mushohada yuritamiz va shu orqali ularga munosabat bildiramiz. Aynan shuning uchun ham shaxs sifatida jamiyatda oʻrin egallaymiz. Ana shu tafakkur bizni yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan, jumladan, avtobusdagi holatga nisbatan ham befarq qarab turmaslikka chaqiradi. Shundagina zamon shiddati bizni emas, biz uni oʻz izmimizga sola olamiz.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
