Mamlakatimiz boʻylab istiqlol bayrami shukuhi kezib yurgan shu kezlarda joylarda “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” gʻoyasi ostida bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqlari oʻtkazilmoqda.


Xususan, IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yigʻinida madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari tashkil etildi.


Dastlab mazkur mahalla fuqarolar yigʻinida “Mustaqillik qahramonlari” mavzusida maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yosh avlodni mard, jasur, vatanparvar qilib tarbiyalash, mustaqillikning bebaho neʼmat ekanligini anglatish va uni koʻz qorachigʻidek asrash lozimligini ongiga singdirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir davomida yurtimiz mustaqilligi osonlikcha qoʻlga kiritilmagani, bu yoʻlda koʻplab fidoyi insonlar qurbon boʻlgani aytib oʻtildi.


Shuningdek, shu kuni “Armiya va xalqning kuchi – birlikdadir!” shiori ostida harbiy xizmatchilar, mahalla faollari va yoshlar ishtirokida sport musobaqalari, maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. Harbiy qism orkestri jamoasi mahalla boʻylab harakatlanib, joʻshqin va jangovar ruhdagi kuylarni ijro etishdi. Yoshlar oʻrtasida stol tenisi, shashka, shaxmat va vorkaut oʻyinlari tashkil etildi. Mahallada faoliyat koʻrsatayotgan badiiy gimnastika toʻgaragi tarbiyalanuvchilarining chiqishlari ham aholiga manzur boʻldi.


Yorqin taassurotlarga boy boʻlgan tadbir yakunida sport musobaqalari va badiiy gimnastika chiqishlarida faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.


Oʻz muxbirimiz.