Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ichki ishlar organlari gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi, tinchlik-osoyishtalikni, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini himoya qilishning ishonchli himoyachisiga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlari asosida ichki ishlar organlarida yangi islohotlar oʻtkazilib, ularning faoliyati yanada takomillashtirildi. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ichki ishlar organlari uchun malakali milliy kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilib, moddiy-texnik taʼminoti yaxshilandi.
Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari jamiyat hayotida naqadar muhim oʻrin tutishi haqida alohida toʻxtalib, «Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni soʻraydi. Shundan soʻng, oʻz uyim, boshpanam boʻlsa, oilam, bola-chaqam bilan sogʻ-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish uchun ikkita masalaga, yaʼni ichki ishlar va sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga katta eʼtibor qaratayapmiz», deb taʼkidladi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida har bir rahbar va xodimning jinoyatchilikka qarshi kurashishga boʻlgan qarashi tubdan oʻzgardi. Ularning kundalik xizmat faoliyati raqam va foizlar orqasidan quvish emas, balki fuqarolarning huquqlarini himoya qilish birinchi navbatdagi vazifasiga aylandi.
Tizimdagi barcha sohaviy xizmatlar qaytadan isloh etildi. Zamon talabidan kelib chiqib, xavfsiz turizmni taʼminlash, probatsiya, surishtiruv va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan boʻlinmalar yangitdan joriy etildi.
Jamoat joylarida xavfsizlikni «inson omili»ni istisno etgan holda taʼminlash uchun, yoʻl-patrul va post-patrul xizmati xodimlari «bodikamera», alkotester, huquqbuzarliklarni qayd etuvchi planshetlar bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari jamiyat hayoti uchun katta tahdid boʻlgan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm,
ekstremizm, korrupsiya, odam savdosi va narkotrafikka qarshi kurash kuchaytirilgani, bu borada ilm-fan yutuqlari va ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgani, ana shunday islohotlar natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib borayotganini, eng muhimi, soha xodimlarining maʼnaviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obroʻ-eʼtibori yuksalib borayotganini qayd etdi.
Ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi oʻrnatilgani, ichki ishlar organi boshligʻidan tortib profilaktika inspektorigacha xalq oldida hisobot beradigan amaliyot joriy etilgani aholining islohotlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda.
Xalq bilan yoʻlga qoʻyilgan samarali ochiq muloqotlar natijasida jinoyatchilik darajasi ham yildan-
yilga kamayib bormoqda. Ayni vaqtda Oʻzbekiston jinoyatchilik koʻrsatkichiga koʻra dunyo boʻyicha har yuz ming aholi soniga nisbatan jinoyatlar soni eng kam boʻlgan davlatlar oʻntaligidan oʻrin egallagan.
Mamlakatimizda Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratilayotgani, sohada oʻz burchi va qasamyodiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar xodimlar soni koʻpayishiga
xizmat qilmoqda.
Bu borada IIV Akademiyasida 8 ta yoʻnalish boʻyicha kunduzgi va sirtqi shaklda oʻqish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Yoshlikdan boshlab kadrlar oʻzagini shakllantirish maqsadida, 14 ta idoraviy akademik litsey, «Temurbeklar maktabi» va ixtisoslashgan maktab-internat tashkil etildi.
Xodimlarning ijtimoiy himoyasi va maishiy sharoitlarini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilishi natijasida, xodimlar uchun xizmat uyi qurildi, xonadonlarni olish uchun ipoteka krediti rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi. Zamon talabiga javob beradigan maʼmuriy binolar qurilib, koʻplab zamonaviy xizmat transport vositalari xarid qilindi.
Xizmatda halok boʻlgan xodimlarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga imtiyoz asosida oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish yoʻlga qoʻyildi.
Ichki ishlar organlarida boshqaruv tizimi mutlaqo yangi shaklda tuzildi. Yaʼni, turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun bevosita vazir oʻrinbosari tomonidan boshqarilayotgan Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentlari tashkil etildi.
Oʻz navbatida, jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash maqsadida, respublikadagi barcha mahallalarda kriminogen vaziyat tanqidiy koʻrib chiqilib, «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratildi. Mahallalarda mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, «jinoyat oʻchoq»larini bartaraf etish uchun ularning har biri tuman-shahar hokimi, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va oʻrinbosarlariga biriktirildi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish asosida, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Respublikamizning poytaxti hamda yirik shahar va tumanlarida markazlashgan videokuzatuv tizimi orqali jamoat joylari, mahallalar, savdo majmualari, oʻquv yurtlari, koʻchalar va aholi gavjum boʻlgan boshqa hududlardagi vaziyatni kuzatib turish tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbari amalga oshirilgan ishlarga baho berar ekan, «Koʻrilayotgan choralar natijasida fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻlmoqda. Lekin xotirjamlikka berilishga hech kimning haqqi yoʻq, hali oldimizda qilinadigan ishlar koʻp», – deya alohida taʼkidladi.
Ishga yangicha yondashish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash, fidoyilik va jonkuyarlik koʻrsatish ichki ishlar organlarining barcha boʻgʻindagi rahbar va xodimlari xizmat faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur. Xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar boʻlish xizmat faoliyatimizning bosh mezoni boʻlib qolishi kerak. Zotan, ichki ishlar organi davlatning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim sifatida, yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotning yangi davri poydevoriga ham munosib hissa qoʻshishi lozim.
Bahrom SAIDOV,
IIV Akademiyasi boshqarma boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor.
