Oʻzbekistonda tarixiy yodgorliklar va turizm haqida soʻz borganda, birinchi navbatda, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi UNESCO roʻyxatidan oʻrin olgan shaharlar koʻz oldimizga keladi. Zero, Toshkent, Qoʻqon, Andijon, Shahrisabz – bu oxiri yoʻq zamonaviy sharq ertagi.
Yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar oʻz sayohatlarini, avvalo, Toshkent shahridan boshlaydi. Toshkent shahrining qadimgi nomlari turli manbalarda turlicha keltirilgan: Choch, Binkat, Shosh. Toshkent nomi ilk bor Mahmud Qoshgʻariyning «Devoni lugʻotit-turk» asarida uchraydi.
Toshkentning Eski shahar qismida joylashgan qadimgi Kaykovus anhori boʻyidagi Hazrati Imom majmuasi turli davrlarda qurilgan meʼmoriy obidalar jamlanmasidir.
U toshkentlik mashhur diniy olim, shofeiy mazhabining imomlaridan, qoraxoniylarning rahnamosi Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiyning maqbaralari atrofida dunyoga kelgani uchun Hazrati Imom nomi bilan ataladi.
Yer yuzining sayqali, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand doimo oʻziga sayyohlarni chorlab kelgan. Samarqand tarixda boʻlgani kabi, bugun ham butun dunyodan oʻziga odamlarni jalb qilmoqda.
Samarqand shahriga eramizdan avvalgi VIII asrda asos solingan. Qadimdan Fors imperiyasi tarkibidagi Soʻgʻd viloyati markazi hisoblangan. Dastlab Samarqand hozirgi Afrosiyob arxeologik hududida mavjud boʻlgan.
XIII asrda moʻgʻullar hujumidan katta talafot koʻrgan shahar keyinchalik odamlar koʻchib ketishi oqibatida boʻshab, xarobaga aylangan. XIV asrda Amir Temur hukmronligi yillarida shahar oʻz qudratining choʻqqisiga chiqqan.
Nafaqat Samarqandning, balki butun Oʻzbekistonning ramzi boʻlgan Registon maydoni shaharning tashrif qogʻozi hisoblanadi. Samarqandga borgan kishi borki, Registon ansamblini koʻrmasdan qaytmaydi. Registon maydoni Samarqandning markazi hisoblangan. U yerda bozor mavjud boʻlgan. XV asrda Mirzo Ulugʻbek bu yerda madrasa, xonaqoh, karvonsaroy qurdirgan.
XVII asrga kelib Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir Ulugʻbek madrasasi roʻparasida, xonaqoh oʻrnida katta madrasa qurdirgan. Peshtoqidagi sher tasviri tushirilgan bezaklari uchun xalq orasida Sherdor nomi bilan mashhur. Maydonning gʻarbiy qismida Mirzoyi karvonsaroyi oʻrnida Yalangtoʻsh Bahodirning ikkinchi madrasasi bor.
Samarqandning yana bir javohiri Amir Temur maqbarasi boʻlib, u XV asrning boshiga oid. Dastlab bu yerda Amir Temurning nevarasi hamda taxt vorisi Muhammad Sulton bir madrasa va bir xonaqoh qurdirgan. Ikki bino bir-biriga qarama-qarshi qilib qurilgan. 1403-yilda Muhammad Sulton Shomda vafot etadi. Temur nevarasi uchun ushbu majmua hududida maqbara qurishni buyuradi.
Samarqadning muqaddas qadamjolari orasida, shubhasiz, Qusam ibn Abbos maqbarasi yetakchi hisoblanadi. Ushbu maqbara Shohi Zinda arxitektura majmuasining tarkib topishida markaziy rol oʻynagan. Chunki aynan shu maqbara atrofida keyinchalik koʻplab maqbaralar bino qilingan. Majmua XI–XX asrlar mobaynida shakllanib borgan. Dastlab XI–XII asrlarda, qoraxoniylar hukmronligi davrida maqbaralar qurilgan.
Qubbat-ul islom – Buxoroyi sharifning yoshini tarixchilar
2500 yildan koʻproq deb hisoblaydi. Buxoro vohasida juda qadim zamonlardan bir qancha yirik shaharlar boʻlgan: Poykent, Romiton, Varaxsha va Vobkent shular jumlasidan.
Buxoroda somoniylar va qoraxoniylar davrida koʻplab qurilish inshootlari, madrasalar, masjidlar, jamoat binolari, hammomlar qurildi. Markaziy Osiyodagi ilk madrasa ham aynan Buxoroda qurilgan boʻlib, u Farjak deb nomlangan. Ushbu binolardan koʻpchiligi moʻgʻullar bosqini paytida buzib tashlandi. Moʻgʻullardan oldingi qurilishlardan Ismoil Somoniy maqbarasi, Minorai Kalon, Vobkent minorasi, Magʻoki attor kabi inshootlar saqlanib qoldi.
Buxoroga tashrif buyurgan har bir sayyoh Ismoil Somoniy maqbarasi, Poyi kalon majmuasi, Sitorai Mohi-Xosa saroyini albatta borib koʻradi. Ismoil Somoniy maqbarasi IX–X asrlar noyob yodgorlik majmuasi hisoblanadi. Biroq Buxoroning tashrif qogʻozi, shubhasiz, Poyi Kalon majmuasidir. Majmua Arslonxon minorasi, Katta jome masjidi va Mir Arab madrasasidan tashkil topgan. Majmuadagi eng qadimiy bino bu xalq orasida Minorai Kalon, yaʼni Katta minora deb yuritiladigan Arslonxon minorasidir. Minora 1127 yilda qoraxoniylar hukmdori Arslonxon Muhammad buyrugʻiga koʻra, Usta Baqo boshchiligidagi quruvchilar tomonidan qurilgan.
Oʻrta asrlar shaharlari qiyofasini hanuzgacha saqlab kelayotgan Markaziy Osiyodagi yagona shahar – XIVA. Xivaning nomi X asrdan boshlab hujjatlarda tilga olina boshlaydi. Masalan, X asrda yashagan tarixchi Istahriy Xivani oʻsha davrning eng yirik 30 ta shahridan biri, deydi. Shahar nomi Ichan qalʼada joylashgan Xeyvaq qudugʻidan olingan. Bundan tashqari, osetin tilidagi «Xiauv» qalʼa soʻzidan yoki antik davrda shahar yaqinida oqib oʻtgan Xeykanik, hozirgi Polvonyop kanali nomidan kelib chiqqan, degan qarashlar ham mavjud. Xiva shahri XVI–XX asrlarda Xorazm (Xiva) xonligining poytaxti vazifasini oʻtagan.
Xiva shahridagi Ichan qalʼa meʼmoriy majmuasi ichki shahar demakdir. XIX asr boshida shahar aholisi koʻpaygach, odamlar devor tashqarisiga chiqib oʻrnasha boshlagan. Shunda Xorazm xoni Muhammad Rahimxon I tashqaridagi aholini tashqi hujumlardan asrash maqsadida ikkinchi devorni tiklatadi. Shu tariqa shahar ikki qismga: Dishan qalʼa (tashqi shahar) va Ichan qalʼa (ichki shahar)ga boʻlinadi. Ammo tashqi devorlar
XX asrda shahar kengayishi natijasida buzib tashlangan. Dishan qalʼaning bir nechta darvozalari saqlanib qolgan. Ichan qalʼa esa devorlari taʼmirlangan holatda saqlanib qolgan.
Ichki ishlar organlarida ham yurtimiz tarixini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlarga sodiq barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti tomonidan «Maʼnaviyat marshrutlari» ishlab chiqilgan. Unga asosan, xodimlar yurtimizning diqqatga sazovor joylari, muzeylar, maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari, tarixiy hamda madaniy obidalariga tashrif buyurishadi.
Mamlakatimizdagi asrlar yukini koʻtarib kelayotgan mavjud tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar barchamizning gʻururimiz. Ular bizga ajdodlardan qolgan buyuk meros. Zero, ularni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish barchamiz uchun muhim vazifadir.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
