Navoiy viloyati IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining 2-safarbarlik guruhi katta inspektori, katta serjant Gʻolib Zarifov Karmana tumanidagi Buxoro va Samarqandni bogʻlab turuvchi xalqaro ahamiyatga ega yoʻl hududida xizmat olib boradi.
Bu yoʻl orqali har kuni yuzlab tumanlararo va viloyatlararo qatnaydigan transport vositalari harakatlanadi. Gʻolib Zarifov xizmat faoliyatida faqat qoida buzilishini aniqlashga emas, balki tushuntirish va ogohlantirish ishlariga ham alohida ahamiyat beradi. Ayniqsa, tungi paytlarda uzoq yoʻldan charchab kelayotgan haydovchilar bilan suhbatlashib, ularga koʻzlagan manziliga eson-omon, beshikast yetib olishi uchun bir oz dam olishi zarurligini uqtiradi.
Nazorat tadbirlarining birida yuk avtomashinasi uning diqqatini tortdi. Haydovchi toʻxtab oʻtish kerak boʻlgan joyda toʻxtamadi. Buni koʻrgan lavhamiz qahramoni toʻxtash ishorasini berdi. Ammo mashina ancha oʻtib toʻxtadi. Inspektor haydovchiga qoidabuzarlik sodir etganini tushunturdi. Shunda haydovchi mashinaning tormozi ishlamayotganini aytdi. Gʻolib darhol evakuator chaqirib, avtoulovni ustaxonaga joʻnatdi. Haydovchi esa qoidani buzganligi uchun jarimaga tortildi. Shu tariqa yana bir ehtimoliy falokatning oldi olindi.
Katta, serqatnov yoʻlda xizmat qilish chogʻida turli feʼl-atvordagi haydovchilar bilan muloqot qilishga toʻgʻri keladi. Kimdir shoshayotgan boʻldi, kimdir asabiylashadi, yana kimdir qoidabuzarligini oqlashga urinadi. Bunday vaziyatlarda katta serjant Gʻolib Zarifov bosiqlik va sabr bilan qonun talablarini oddiy va tushunarli tarzda bayon etadi. Shu sababli uning soʻzlari koʻp hollarda haydovchilar tomonidan toʻgʻri qabul qilinadi.
Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2013-yilda boshlagan. Ayni paytda xizmat qilish bilan birgalikda Buxoro davlat texnika universitetida sirtdan tahsil olyapti. Niyati kelgusida ofitser boʻlish. Ana shunday qatiyatli, halol, izlanuvchan xodimlar sabab yoʻllarda harakat xavfsizligi taʼminlanmoqda.
Mahliyo XOLOVA,
oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
