Aholining ertangi kunga ishonchi ortishi va bugundan rozilik hissi bilan yashashini taʼminlashda murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish eng muhim omillardan biri sanaladi. Yuzma-yuz muloqotlardan koʻzlangan asosiy maqsad aholining muammolarini tinglash, qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishdir.

Chilonzor tumani hokimligida tuman hokimi Saidqahhor Xolxoʻjaevning fuqarolar uchun ommaviy qabuli boʻlib oʻtdi. Qabul jarayonlarida tuman prokurori, IIOFMB boshligʻi, Soliq inspeksiyasi rahbari, hokimlik mutasaddilari, tumanda faoliyat yurituvchi boshqarma va boʻlimlar mutasaddilari hamda masʼullari ishtirok etdi.

Fuqarolar asosan imtiyozli kredit olish, sogʻligi borasida malakali tibbiy xizmatga ehtiyojmandlik, turar joy taʼmiri, bandlik, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, kommunal toʻlovlarni amalga oshirish kabi masalalarda murojaat qildi. 

Qabul jarayonida 80 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etib, jami 42 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 18 tasi joyida ijobiy hal etildi hamda 1 nafar fuqaro murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan 23 ta murojaat boʻyicha esa masʼullarga aniq muddatlar belgilanib, ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Mazkur ommaviy qabullar aholi muammolarini oʻz vaqtida hal etish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda ularning murojaatlariga tezkor yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Azizjon Fayziyev,

podpolkovnik.