Tuman Qashqadaryoning oʻrta oqimida, viloyatning janubi-sharqida joylashgan boʻlib, shimoldan Qamashi, Chiroqchi, sharqdan Dehqonobod, gʻarbdan Qarshi va Nishon tumanlari, janubdan Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh.

Tumanning shimoliy chekkasidan Qashqadaryo oqib oʻtadi. Shuningdek, Gʻuzordaryo va uning irmoqlari – Katta Oʻradaryo va Kichik Oʻradaryo mavjud. Tuman hududida «Pachkamar» suv ombori ham mavjud boʻlib, u paxtachilik va gʻallachilikda asosiy suv manbayi hisoblanadi. Bundan tashqari, tumanda chorvachilik, otchilik ham yaxshi rivojlangan.

Tuman hamda unga tutash Qamashi, Qarshi va Nishon tumanlariga yaqin hududlarda katta, zaxiraga ega gazli va gaz kondensatli yotqiziqlar mavjud.

Gʻuzor jugʻrofiy jihatdan muhim oʻrinda joylashgan. Qadimda ham, hozir ham Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlarga eltadigan yoʻllar shu hududdan oʻtgan. Oʻtmishda Buyuk ipak yoʻli nomini olgan, Sharq va Gʻarb aloqalarida katta ahamiyatga ega boʻlgan hududlardan biri aynan koʻhna Gʻuzordir.

Jadidchilik harakatining asoschisi Ismoil Gaspirali oʻzining «Hayot-mamot masalasi» kitobida Maʼmun zamonida dunyoga mashhur olimlar qatorida Muhammad al-Gʻuzoriy nomini qayd qiladi.

Shu oʻrinda, «Gʻuzor» atamasiga ham toʻxtalsak. Manbalarda bu soʻz fors-tojik tilidagi «guzar» soʻzidan olingani, oʻzbek tilida «oʻtish joyi», «kechuv», «yoʻlak» degan maʼnolarni anglatishi aytiladi. Tarixan bu soʻz karvon yoʻllari kesishgan yoki daryodan oʻtiladigan strategik nuqtalarga nisbatan qoʻllanilgan. Tumanning xalqaro ahamiyatga ega avtomobil va temiryoʻllar kesishmasida joylashgani ham uning «oʻtish joyi» maʼnosiga mos kelishini anglatadi.

Oʻtmishda Gʻuzor bekligi Buxoro amirligining muhim siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri boʻlgan. Tumanda Yalpoqtepa va Qoʻshtepa kabi qadimiy arxeologik yodgorliklar mavjud. 

Chor Rossiyasi bosqiniga qadar, Buxoro amirligi davrida Gʻuzorda beklik boshqaruvi joriy qilingan. Oʻsha davrda mamlakatda janubiy hududlarni boshqarishda juda muhim oʻrin tutgan beklik Mangʻitlar sulolasi tomonidan boshqarilgan. 

Oʻz muxbirimiz Sodiq RAHIMOV tayyorladi.