Taʼkidlash joizki, aksariyat davlatlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan maxsus maktablar va harakatlar mavjud. Ma­salan, Rossiyada maktab oʻquvchilari va yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik va harbiy-sport tayyorgarligini shakl­lantirish maqsadida «Yunarmiya» tashkil etilgan. Shuningdek, Suvorov maktablari ham yoshlarning harbiy tayyorgarligini oshiradi. AQSHda esa bu vazifani yoshlarga harbiy intizom va qoidalarni oʻrgatishga yoʻnaltirilgan JROTC (Junior Reserve Officersʼ Training Corps) dasturi bajaradi. Bu kabi tajribalar shuni koʻrsatadiki, koʻpgina davlatlarda farzandlarni bolalikdanoq Vatanga muhabbat va harbiy tayyorgarlik ruhida tarbiyalash maktab tizimiga integratsiya qilingan. Bu esa nafaqat harbiy soha, balki butun millatning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonda ham ushbu tajriba amalga kiritildi, yaʼni respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Andijon tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham «Jasorat maktabi» tashkil etildi. Unda 26 nafar oʻgʻil-qiz taʼlim olmoqda. Qabul jarayonida oʻquv­chilar jismoniy hamda maʼnaviy bilim va koʻnikmalarga asoslangan qatʼiy imtihon orqali saralab olindi.

Maktabda bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Harbiy sinf xonasi, harbiy koʻnikmalarga doir qoʻllanmalar, qurol-aslahalarning nusxalari va mashgʻulotlar uchun zaruriy sport jihozlari mavjud. Bolalarda vatanparvarlikni, jangovarlik­ni shakllantirish maqsadida sport va harbiy mashgʻulotlar anʼanaviy sinflarga nisbatan koʻproq tashkil etilgan.

– Har bir fuqaroning birinchi galdagi vazifasi Vatanni himoya qilishdan iborat boʻlishi kerak, – deydi Hayotillo Obidov. – Farzandim ham kelajakda ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qiladi. Uni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ushbu maktabga olib keldim. Bu yerda u jismonan sogʻlom va maʼnaviy jihatdan yetuk boʻlishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

Ushbu maktabda oʻgʻil bolalar bilan bir qatorda, qizlar ham tahsil olmoqda. Ulardagi chaqqonlik, hushyorlik, tezkorlik­ni koʻrib imtihon paytidagi saʼy-harakatlar zoye ketmaganiga amin boʻldik. 

– Men avvallari harbiylik va vatanparvarlik faqat oʻgʻil bolalarga xos, deb oʻylardim, – deydi Kamolaxon Ravshanbekova. – Maktabga kelgach, mashhur harbiy ayollar haqida maʼlumot oldim va ularning faoliyati meni ilhomlantirdi. Katta boʻlsam, xuddi ular kabi jasur va bilimli xotin-qizlar safida boʻlishni xohlayman.

«Jasorat maktablari» bolalarni nafaqat harbiy va sport tayyorgarligiga, balki Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda ham muhim omil boʻladi. Oʻzbekistonda bunday maktablar­ning huquqiy asoslari, mashgʻulotlar tartibi va sharoitlari bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, bu maktabda tarbiyalanayotgan yoshlar kelajakda davlatning himoyachisi va millatning faxriga aylanadi. 

Saminjon HUSANZODA,

oʻz muxbirimiz. 

Andijon viloyati.