Joriy yilning oʻtgan davrida viloyat IIB hamda shahar va tuman IIB, IIOFMBlariga jami 30014 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1536 taga yoki 5,3 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich, Samarqand shahar IIOFMB boʻyicha 3,3 foizga, Payariq tumani IIBda 7,1, Tayloqda
5,6 va Ishtixonda 1,9 foizga oshgan. Kelib tushgan murojaatlarning 3,8 foizini takroriy murojaatlar tashkil qiladi.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning manfaati va huquqlari turadi. Shu bois, har bir murojaat atroflicha oʻrganilib, unda koʻtarilgan masalani ijobiy hal qilish, muammoni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki, xalq roziligini qozonish uchun eng avvalo adolat tantana qilishi kerak. Shundagina demokratik jamiyat qurish yoʻlidagi maqsadga erishiladi.
– Viloyat IIB koʻmagi bilan Samarqand shahar Imom Vose nomli mahallada obodonchilik ishlari amalga oshirilib, 27 ta beton simyogʻoch oʻrnatildi. Biz bundan behad minnatdormiz, – deydi 71 yoshli Malikxon Ibragimov. – Simyogʻochlarga yangi kabellar tortilib, transformatorlar taʼmirlandi. Elektr taʼminotidagi uzilishlar bartaraf qilindi.
Sitora Faxriyeva farzandining tibbiy muolajalari uchun koʻrsatilgan yordamdan minnatdor boʻlsa, Samarqand shahar «Hunarmandlar» mahalla aholisi ichki yoʻllarga tosh-shagʻal yotqizilganidan mamnun.
– «Inson qadri va el baxti uchun» tamoyili asosida ayrim masalalar tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilmoqda. Bandligi taʼminlangan fuqaro, huquqiy masaladagi ishi ijobiy yechim topgan kishilar, aholi muammosi uchun jon kuydirib kelgan keksalar minnatdorligi va duolarini eshitib, koʻnglimiz koʻtariladi, – deydi viloyat IIB Tashkiliy boshqarma murojaatlar bilan ishlash guruhi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Yusuf Eshmurzayev.
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
