Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlari aks etgan videolar tez-tez uchramoqda. Ayrim haydovchilar tezlikni oshirish, yoʻlchiroqqa boʻysunmaslik, xavfli manyovrlar qilish yoki boshqa qoidabuzarliklarni amalga oshirib, buni videoga olib tarmoqlarga joylashmoqda. Achinarlisi, bunday holatlar baʼzan «jasorat» yoki «qiziq kontent» sifatida qabul qilinmoqda. 

Aslida, yoʻl harakati qoi­dalari oddiy rasmiyatchilik emas. Ular inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish uchun ishlab chiqilgan. Yoʻldagi har bir belgi ortida inson xavfsizligi yotadi. Shu bois qoidalarga befarq qarash, mensimaslik nafaqat haydovchining, balki boshqa yoʻl harakati ishtirokchilari hayotiga ham xavf tugʻdirishi mumkin. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan bunday videolarning yana bir salbiy jihati shuki, ular ayrim yoshlar uchun notoʻgʻri namuna boʻlib xizmat qilishi mumkin. Axir qiziqqon yoshlar «layk» yigʻish yoki kuzatuvchilar sonini koʻpaytirish niyatida xavfli harakatlarni takrorlashga urinsa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi aniq.

– Ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib, tahlil qilib boramiz. Fuqarolarning befarq emasligi kishini quvontiradi. Mening shaxsiy sahifamga bir kunda 20 tagacha murojaat kelib tushadi, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX YHXB katta inspektori, katta leytenant Abbos Dadashev. – Yoʻldagi «erkatoylar»ning qilmishlari fosh etilib, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qoʻllanilgani haqidagi maʼlumotlarni murojaat yoʻllagan shaxslarga yuborib, hamkorlikni davom ettirishlarini soʻrayman. Shu tarzda faol fuqarolar safi oshib boradi. Zero, qoidabuzarlarga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining oʻrni katta.

Afsuski, soʻnggi paytlarda yoshlar xorijning jangari filmlaridagi saundtreklar, bosh qahramonlarning gaplaridan foydalangan holda videolavhalar yaratib, xatti-harakatlarini, ehtimolki, oʻz «men»ini shu tarzda namoyish qilishmoqda. Kuzatuvlarga koʻra, asosan 16–30 yosh oraligʻidagi fuqarolar tomonidan shunday qilmishlar sodir etilmoqda. Ular real va virtual hayot oʻrtasidagi katta farqni hisobga olishmayapti. Ayniqsa, Instagramda bu holat trendga aylanmoqda.

– Bilasizmi, avvallari koʻpchilik qoidabuzarlik haqida videomateriallar tayyorlashimizga or-nomus yuzasidan eʼtiroz bildirishardi, – deya soʻzini davom ettiradi katta leytenant A.Dadashev. – Hozir esa «erkatoylar» kamera qarshisida gʻoz turib, oʻzlarini qahramon kabi tutadilar. Hatto oʻziga nisbatan chora koʻrilgani haqidagi videolavhani profiliga joylayotgan, bu ishidan uyalmaydigan yoshlar soni koʻpaymoqda. Shu bois ota-onalar va taʼlim muassasalari masʼullaridan yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida, boshqalar hayotiga javobgar, oʻz xatti-harakatiga masʼuliyatli qilib tarbiyalashlarini soʻrayman. 

Unutmaslik kerakki, yoʻl harakati qoidalarini buzish javobgarlikka sabab boʻladi. Qonunchilikka koʻra, 16 yoshga toʻlmagan shaxslarning ota-onasiga, 16 yoshdan oshgan fuqarolarning oʻziga qoidabuzarlik uchun javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, jamoatchilikning keskin tanqidi, nafratiga ham tayyor turish kerak. 

Mashhurlik yoki eʼtibor qozonishning turli yoʻllari bor. Ammo yoʻl harakati qoidalarini buzish orqali «layk» yigʻish – nomaqbul yoʻl. Qoidalarga amal qilish, yoʻl madaniyatiga rioya etish va boshqalar hayotiga hurmat bilan qarash – chinakam maʼnaviyatli insonning sifati. Koʻrinadiki, yoʻllarimizning yanada xavfsiz boʻlishi faqat soha masʼullariga emas, ota-onalar, taʼlim beruvchilar hamda butun jamiyatga tegishli masala. Maʼmuriy javobgarlik yoki boshqa choralar bilangina maqsadga erishib boʻlmaydi. Taʼlim-tarbiyaning qudratli taʼsiri shu mavzuda ham yaqqol koʻrinadi. 


Muqaddas SAPAROVA,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.