Shuhrat Nurboyev asli Xatirchilik. Koʻp yillar fermer xoʻjaligida hisobchi boʻlib ishlagan. Farzandlarini voyaga yetkazib, oʻqimishli qildi. Yoshligida turli sabablar tufayli oliygohga kirish imkoniyati boʻlmagan boʻlsa-da, u orzuyidan hech qachon voz kechmadi, ilm yoʻlidagi ishtiyoqi koʻpaysa koʻpaydiki, aslo soʻnmadi.

Nihoyat 2023-yilda Navoiy davlat universitetida “Kimyo” yoʻnalishiga taʼlim granti asosida qabul qilindi. Eshitganlarning baʼzilari “Nafaqadagi odamga oʻqishni, diplomni nima keragi bor,” deb sekin kinoyali kulib qoʻyardi. Ammo koʻpchilik uni qoʻllab-quvvatladi. Qolaversa, baʼzi - oʻqishga hafsala qilmaydiganlar uchun “motivasiya” boʻldi desak, adashmaymiz.

Shuhrat aka ayni paytda nabirasi tengi yoshlar bilan taʼlim olmoqda va bundan uyalmaydi. Bu yoshda sizga oʻqish nega kerak, deb soʻrashsa “Farzandlarimni oʻqitdim. Endi navbat oʻzimga. Ilm olishning erta-kechi yoʻq. Beshikdan qabrgacha ilm izla, deyishgan-ku. Nevaralarim “Bobom oʻqimagan ekan” demasligi uchun oʻqiyapman, oliy maʼlumotli bobo boʻlishim kerak”, - deydi hazil aralash Shuhrat Nurboyev. 

63 yashar talaba har kuni boshqa talabalar qatori darsga kiradi va kursdoshlari bilan amaliy mashgʻulotlarda qatnashadi. Kimyoviy masalalarni nazariy va hatto amaliyotda xatosiz bajaradiki, boshqa talabalar undan ibrat olishadi. Sevimli mashgʻuloti kitob oʻqish – universitet kutubxonasi unga haqiqatda maʼnaviy zavq bagʻishlaydi. Darsdan tashqari holatlarda ham u kursdoshlariga hayotiy saboqlar, tavsiya-yu oʻgitlar berishi guruh reytingiga ijobiy taʼsir koʻrsatyapti.

Ham pensiya ham stipendiya olgan kishi haqida eshitganmisiz. Oʻsha menman. Pullarimni nevaralarimga sovgʻa-salom olishga sarflayman - deydi, ishtiyoqi baland, yuzi nurli 63 yoshli talaba bobo.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.