1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shofirkon viloyat markazidan 40 km uzoqlikda joylashgan. 

X asrda yashab oʻtgan tarixchi Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida tumanning kelib chiqishi haqida anchagina maʼlumotlar bor. Asarda yozilishicha, Sosoniylar sulolasi vakili Kisroning farzandlaridan biri Shopur otasidan arazlab, Buxoro viloyatiga keladi. Bu yerda uni Buxorxudot yaxshi kutib oladi. 

Shopur ov qilishni yoqtirardi va koʻpincha olisroq joylarda ovga chiqardi. Kunlarning birida ov qilish maqsadida hozirgi Shofirkon yerlariga borib qoladi. U hudud hali obod qilinmagan, yayloq, ov qilinadigan joy boʻlgani sabab Shopurga bu joy xush keladi va uni obod qilish fikri tugʻiladi. Shu maqsadda oʻziga ulush qilib berishini Buxorxudotdan soʻraydi. U rozi boʻladi. Shopur birinchi navbatda bu yerda katta anhor qazdiradi va uni oʻz nomi bilan, yaʼni «Shopurkom» deb ataydi. Soʻngra anhor boʻylab qishloqlar bunyod etadi. Ana shu qishloqlardan biri, yaʼni Vardona qishlogʻida oʻzi uchun turarjoyga ega boʻlish maqsadida qasr qurdiradi. Uning vafotidan soʻng qishloqlar avlodlariga meros boʻlib qoladi. Shu tariqa Shofirkon shahri bunyod qilinadi.

Shofirkonda oʻrta asrlarda savdo va hunarmandchilik rivoj topgan. Ayrim maʼlumotlar Mahmud ibn Valining «Bahr al-asror» («Geografiya» XVII asr) asarida ham keltirilgan. Atoqli yozuvchi Sadriddin Ayniyning yozishicha, XIX asr oxir­lari va XX asr boshlarida Shofirkon hamda uning atrofidagi qishloqlarni bir necha marta qum bosgan. 

Tuman hududi asosan tekislik va qum barxanlaridan iborat. Shimoliy qismi Quljuqtov etaklari (Gujumdi togʻi) va Qizilqum (Jilvon va Toldi massivlari)ga, janubiy qismi esa Zarafshon vodiysidagi sugʻoriladigan yerlar bilan tutashgan. 

Mirzoqul AHADOV tayyorladi.