Tushlikka somsa pishirdim. Tepa qavatdagi qoʻshnimga ham ilindim. Ochiq chehra bilan qarshilagan kelinchak, salom-alik qilib, «Ovora boʻlibsiz-da, opa, rahmat, uyga kiring», – deya qoʻlimdan likopchani oldi. Kelinchak ichkariga kirib ketdi. Shunda uyning yoʻlak devoriga suyanib, qoʻrquv aralash koʻzlarini katta-katta ochganicha, menga tikilib turgan ikki bolakayga koʻzim tushdi. Ularning kattasi 4–5 yoshlarda chamamda, men tomonga ikki qadam tashladi-da: «Bizni urushgani, baqirgani kelmadizmi? Militsiyaga berib yubormaysiz-a, u meni qamab qoʻymaydi-ya, meni jazolamaydi-ya?», – deya savol berdi. Kutilmagan bu soʻroqqa qanday javob qilishimni bilmadim. Keyin: «Bolam, nega seni militsiyaga bervoraman. Ular bolalarni olib ketmaydi, balki yomonlardan asraydi, aybi yoʻqni jazolamaydi», – deb tursam, ortga qaytgan onasi: «Opa, bunga eʼtibor bermang», – deya biroz xijolat tortgan boʻldi. Shunda «Bolalarni militsiya bilan qoʻrqitasizlarmi?» – deya soʻradim. «Yoʻgʻ-a, opa, oʻsha kuni uyimizga ovsinimning bolalari mehmonga kelgandi. Hovlida katta boʻlishgan, bizda domchilik, keyin bola bolaga qoʻshilsa toʻpolon qiladi-da. Ularning toʻpolonini eshitib, yon qoʻshnimiz chiqib: «Toʻpolon qilsalaring, militsiyaga bervoraman, jazolaydi», – deb bolalarni qoʻrqitgandi. Shundan beri kattam eshik tiq etsa, militsiya keldimikin, deb qotib qoladi», – dedi... (Ijtimoiy tarmoqdan oqqa koʻchirildi.)

Bilasizmi, yuqoridagi holat bolaligimizda shoʻxligimiz haddan oshganda, kattalarning bizni «Ana, militsiya, kelyapti», – deya tartibga chaqirib, qoʻrqitishni eslatib yubordi. Oʻshanda «militsiya»dan rosa qoʻrqardik. Aslida ichki ishlar organlari xodimlari shunchalar qoʻrqinchli odammi? Yoshimiz ulgʻayib, ularning ham xuddi oʻzimiz singari inson ekanligini, ular davlat xizmatchisi sifatida bizga faqat yaxshilik uchun xizmat qilishini tushunib yetdik. Biroq, afsuski, bolalarni «militsiya» bilan qoʻrqitish hamon «urf»da.  

Bugun ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy, salbiy tomonlari haqida koʻp va xoʻp soʻz yuritiladi. Biroq ularda tarqatilayotgan yangiliklar, kundalik turmushdagi ayrim holatlar odamlarni mulohazaga, mushohadaga undayotgani ham rost. Kimlargadir koʻzgu tutib, jamiyatimizdagi ayrim illatlarni yoʻqotishga xizmat qilayotganini ham tan olishimiz kerak. Yuqoridagi holat ham aslida shu maʼnoda yozilgan. Chunki murgʻak bolajonning shoʻxligi bir olam. Uni qanchalar toʻgʻri jilovlash esa ota-onasining, yaqinlarining gardanida. Xalqimizda «Bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona» degan maqol bor. Ushbu maqol ham bolalarning toʻpolonidan bezgan qoʻshnining «militsiyaga bervoraman», degan qoʻrqitishini yoqlamaydi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Bolalarning shoʻxligini nimanidir, kimnidir sabab qilib bostirish, aniqroq qilib aytganda, qoʻrqitib tarbiyalash notoʻgʻri hisoblanmaydimi? Undan koʻra bolaning ichki olami, qiziqishlariga ahamiyat qaratib, uni oʻzi yoqtirgan mashgʻulotlarga, sport turlariga berish orqali ichki gʻayratini toʻgʻri yoʻnaltirish, hayotga qarashlarini shakllantirish maʼqul emasmi? Ularni nega darrov «militsiyaga berib yuboramiz», – deya toʻxtatish kerak?

Bolalar tabiatan ishonuvchan boʻladi. Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan notoʻgʻri qarash bilan ulgʻaygan bolalar keyinchalik ularga qanday munosabatda boʻlishini hech oʻylab koʻrganmisiz? Keyin ular bolalarning tasavvurida jazolovchi boʻlib gavdalanmaydi, deya olasizmi? Zero, bolalikda olingan bilim, tarbiya bamisoli toshga oʻyilgan naqsh. Bu yosh avlodning huquq-tartibot, huquqiy meʼyorlar, qonunlar borasidagi tushunchalarini yemirmaydimi? Mavzuning oʻylantiradigan jihati shunda. 

Bugun zamon oʻzgardi. Taʼlim-tarbiyaning oʻziga xos yangi usullari oʻsib kelayotgan avlodlarni jahonning intellektul salohiyatli yoshlari qatoriga qoʻshilishiga xizmat qilmoqda. Shunday ekan, bolalarni «Militsiyaga bervoraman», deya qoʻrqitib tarbiya qilish «usuli» ham har jihatdan eskirdi. Bu tarbiyada notoʻgʻri yechim. Siz bolalaringizning boʻyidan baland shoʻxligini kulol loydan koʻza yasaganidek mohirona sayqallangki, ularning fikrati toza boʻlib ulgʻaysin. Ichki ishlar organlari xodimlarini jazolovchi emas, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni, qonun ustuvorligini taʼminlovchi davlat xizmatchisi sifatida tanisin. Shunda ularning orasidan shaxti-shijoati baland ichki ishlar organlari xodimlari ham yetishib chiqadi.  

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA.