Inson umri oʻtgan vaqt bilan emas, uning ezgu amal va ishlari sarhisobi sifatida qadrlidir. Bunga muborak 75 yoshni qarshilayotgan taniqli davlat va jamoat arbobi, isteʼfodagi general-mayor Tohir Mullajonovning hayot yoʻli yorqin misoldir.
Shahardagi oʻrta maktabning 8-sinfini tamomlab, Margʻilon-tibbiyot bilim yurtida tahsilni davom ettirgan. Toxirjonni harbiy xizmat ancha chiniqtirdi. Margʻilonda dehqon oilasida tugʻilgan, IIV Toshkent oliy maktabini tamomlagan, Fargʻona viloyati Iibda inspektor, katta inspektor, Fargʻona shahar IIB boshligʻining oʻrinbosari lavozimida xizmat olib bordi. 1982–1984 yilda sobiq ittifoq IIV Akademiyasida tahsil olgach, turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan Oʻzbekiston tumani, Qoʻqon shahri IIB boshligʻi, Fargʻona viloyati Iibda boʻlim boshligʻi, 1992 yilda Fargʻona viloyati Iibga rahbarlik qiladi.
Tahlikali 1992 yilda Tohir Oxunovich IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. U ustozi tajribali izquvar, polkovnik Gʻofur Toshmatov va vazirlikning sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, jamoat tartibini mustahkamlash, respublikaga gʻayriqonuniy ravishda qurol-yarogʻ, giyohvandlik vositalari kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, turli tovar-moddiy boyliklarning mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqilishining oldini olish maqsadida tezkor-profilaktik chora tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazib kelgan.
Jizzax viloyati Iibni boshqargan yillarda esa u viloyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ayniqsa, xodimlarning xizmat intizomini mustahkamlashga katta hissa qoʻshgan fidoyi rahbar ekanligini koʻrsatdi.
2001–2002 yillarda Buxoro, 2002–2004 yillarda Namangan viloyati IIB boshligʻi lavozimlarida xizmat faoliyatini olib borarkan, shaxsiy tarkib oʻrtasida ishchanlik kayfiyatini yaratishga, xodimlarda xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak masʼuliyat bilan yondashish, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-axloq normalariga soʻzsiz amal qilish tuygʻusini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratadi. 2003 yil 11 yanvardagi farmoni bilan «General-mayor» sohibiga aylangan T. Mullajonov Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatarkan, 2005 yil may oyida Andijon viloyatidagi ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda faol ishtirok etadi.
2006–2007 yillarda IIV Akademiyasiga rahbarlik qilgan ustoz taʼlim maskani faoliyatining muvaffaqiyati, avvalo, tayyorlanayotgan kadrlarning intizomi, puxta bilimi, kasbiy madaniyati, tashkilotchilik qobiliyati, boʻlajak xodimlarning davr talablarini nechogʻlik oʻzlashtirib olgani, jonkuyarligi, halol va pokligi, qasamyodiga sadoqat ruhida tarbiyalanganligi va vatanparvarligiga bogʻliq ekanligiga ustuvorlik berdi.
General Tohir Mullajonov 2007–2016 yillarda IIV Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti boshligʻining oʻrinbosari lavozimida ishlaganda ham asosiy eʼtiborini yoshlarning jangovar tayyorgarligini oshirish barobarida, ularning dunyoqarashini kengaytirishga, sohaga oid bilimlarini kuchaytirishga qaratdi.
2017–2018 yillarda Jizzax viloyati, 2018–2025 yillarda Toshkent shahri Xalq qabulxonasining rahbari sifatida faoliyat yuritgan Tohir Mullajonov bu dargohlarni sin maʼnoda zamonaviy adolat uylariga aylantirdi.
Ustoz roppa-rosa 50 yil tizimga halol va vijdonan xizmat qilib, jonkuyar, eʼtiqodiga sodiq rahbar, mohir murabbiy darajasiga yetdi. Uning fidoyiligi va Vatanimizga sadoqat bilan qilgan xizmatlari II darajali «Shon-sharaf», «Doʻstlik» ordenlari va qator davlat mukofotlari bilan munosib taqdirlandi.
Bugungi kunda ham qahramonimiz yoshlar orasida. Jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida orttirgan boy tajribasi, oʻtmish va hozirgi tarixga oid bilimlari Bilan IIV Akademiyasi tinglovchi va kursantlariga tahsil berib kelmoqda.
IIV Akademiyasi Magistratura jamoasi.
