Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik
ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax viloyati filialida davolanayotgan bu inson oʻgʻirlik sabab qamalgan, hozirda giyohvandlikdan davolanish uchun bu yerga keltirilgan. Oʻgʻirlikka esa zahri qotilga yetadigan pul topish maqsadida qoʻl urganini ham yashirib oʻtirmadi. Afsuski, muassasada giyohvandlikdan davolanayotgan har bir shaxsning mana shunday ayanchli oʻtmishi, qaygʻuli tarixi bor.
– Dangalini aytaman, men hayotda koʻp narsa yoʻqotdim, odamlar mening ahvolimni bilishsin, faqat ism-sharifimni aytmang, iltimos, – deya gap boshladi yana bir suhbatdoshim. – Hammasiga oʻzim aybdorman. Ota-onam yaxshi insonlar edi. Otam haydovchi edi, onam uy bekasi. Men oʻrtancha oʻgʻil edim. Sinfdoshlar bilan avval sigaret chekib koʻrdik, soʻngra nos. Bar-kafelarga borganimizda bizdan toʻrt-besh yosh katta yigitlar nasha chekib koʻrishni taklif qilishdi. Pul topib sotib oldik. Taʼmi yoqdi, oxir-oqibat uning quliga aylandik. Men ota-onamning gaplariga quloq solmadim. Ulardan yashirib isteʼmol qilib yurdim. Uylanib, bolalik boʻlganimda ham aqlim kirmadi. Oilam bilan ajrashdim. Bir nafar farzandimni tirik yetim qildim. Aka-ukam, opa-singlim bilan yuz koʻrmas boʻldim. Sababi ulardan dori uchun bir necha martalab qarz olib bermay ketdim. Keyin ular qarz bermay qoʻyishdi...
Endi bu koʻchaga yaqin yoʻlamayman. Ammo qani ota-yu ona? Qani sevimli yorim, shirin farzandim? Jon-jigarlarim? Endi qirq yoshga kirayapman, tuzalmas dardga chalinib, umrim oxirlab borayotganini ham sezayapman. Mendan nima qoladi?... (koʻziga yosh qalqidi).
– Bu yigit asli Toshkent shahridan. Giyohvandlik sabab tugʻilgan uyidan chiqib ketgan. Jizzax shahrida noiloj mardikorlik bilan kun kechirayotgan vaqtida giyohvand ekanligi aniqlanib, ichki ishlar xodimlari tomonidan majburiy tarzda davolanishga jalb qilingan. 98 oʻringa moʻljallangan shifoxonada bemorlar alkogolizm, giyohvandlik va zaharvandlikdan davolanishadi. Bu yerda tibbiy, psixologik va ijtimoiy choralarning har biri oʻz ahamiyatiga ega. Eng muhimi, umidsizlikka tushmaslik, dardni yashirmasdan, undan xalos boʻlish uchun intilish kerak. Davolasa boʻladigan dard bu. Inson oʻzining metin irodasi bilan har qanday dardni yenga oladi, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, kapitan Oʻrolbek Abduazimov. – Bugungi kunda mazkur muassasaga joriy yilning ikki oyida 33 nafar giyohvandlik va spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslar majburiy davolanishga joylashtirildi. Ularning nafaqat tibbiy yoʻl bilan, balki kuchli iroda va psixologik qoʻllab-quvvatlash orqali davo topishlari uchun hamkorlikda choralar koʻrilmoqda.
«Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish» kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari davomida taʼlim muassasalari va aholi oʻrtasida sport musobaqalari, uchrashuvlar, seminarlar, bahs-munozaralar tashkil etilyapti. Giyohvandlikning ayanchli oqibatlarini yoritish yoʻli bilan targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Viloyatda mavjud 565 ta umumtaʼlim maktabi, 31 ta texnikum, oliy taʼlim muassasasi va 304 ta mahallada yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlari, davra suhbati va uchrashuvlar oʻtkazildi. Oliy taʼlim muassasalari talabalarining Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyaga tashrifi uyushtirilib, narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarning qismati haqida jonli misollar keltirildi. Jarayonda giyohvandlikning ogʻir oqibatlari, mudhish asoratlari haqida taʼsirchan tushuntirishlar berilib, toksikomaniya va kuchli psixotrop dori vositalar zanjiri giyohvandlikka yetaklashi uqtirilmoqda. Shuningdek, taniqli shaxslar ishtirokida chellenjlar oʻtkazilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilayapti. Targʻibotning barcha taʼsirchan choralarini koʻrish orqali yoshlarni ushbu illat taʼsiridan saqlash – asosiy maqsadimiz.
Muqaddas
SAPAROVA,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
