Xavfsizlik kamari – himoya vositasi boʻlib, haydovchi yoki yoʻlovchini yoʻl-transport hodisasi, toʻqnashuv yoki keskin toʻxtash sodir boʻlganda ushlab qolishga moʻljallangan. Toʻqnashuv (avtohalokat) sodir boʻlganda xavfsizlik kamari old va orqa oʻrindiqdagi yoʻlovchi yoki haydovchi uchun oʻlim xavfini toʻqnashuvning turiga qarab 2 baravarga, toʻqnashgan avtomashina agʻdarilgan vaqtda 5 baravarga kamaytiradi. 

Xavfsizlik kamari yaratilish tarixiga nazar solsak. XIX asr boshida ingliz olimi Jorj Keyli tomonidan xavfsizlik kamarini qoʻllash taklifi berilgan. 1885-yil AQSHda ilk bor ushbu moslamaga patent berilgan. 1903-yil Luis Reno besh nuqtali xavfsizlik kamarini ixtiro qilgan. 1909-yil Angliyada spiral prujina va katta lentali yoʻlovchini oʻrindiqda ushlab qolishga moʻljallangan xavfsizlik moslamasi ixtiro qilingan. 

1913-yil aviatsiya tarixida xavfsizlik kamarini ilk bor Adolf Pegu qoʻlladi, ammo, 1930-yilga kelib xavfsizlik kamari samolyotlarda qoʻllanilishi toʻxtatilgan. 1920-yilning boshida xavfsizlik kamaridan poygachilar foydalana boshlaganlar. Ammo oʻsha vaqtlardagi xavfsizlik kamarlari kundalik foydalanish uchun noqulay boʻlganligi sababli avtomobillar orasida ommalashmagan. 1950-yillar oxirida «Volvo» shved avtomobil kompaniyasining injeneri Nils Bolin uch nuqtali xavfsizlik kamari ixtiro qildi. Yillab tajriba va amaliyotlar sinovi natijasidan soʻng Bolin, yoʻlovchilarni yelkasidan bel qismigacha tortilgan kamar eng qulayi deb xulosa qildi. Qolaversa, bunday xavfsizlik kamari qoʻl bilan tiqishga qulay deb hisoblandi. Bunday xavfsizlik kamarlarini «Volvo» kompaniyasi 1959-yilda ommaga namoyish qildi. Shu tariqa ilk bor 1957-yil Shvetsiya avtomobillar uchun xavfsizlik kamari taqish majburiyatini qonunga kiritgan birinchi mamlakat boʻldi.


Feruz YOʻLDOSHOV,

oʻz muxbirimiz.