Viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi mutaxassis-psixologlari tomonidan xodimlarning xizmat faoliyatida yuzaga kelayotgan turli nizoli vaziyatlar va stress kelib chiqishiga sababchi boʻlayotgan holatlar, hamkasblari va rahbari bilan munosabati, xizmatga boʻlgan ishtiyoqi va oilaviy muammolari oʻrganilib boriladi. Shu bilan bir qatorda, xodimlarning yashash xonadonlariga borilib, turmush sharoiti, oila aʼzolarining oʻzaro munosabatlari bilan yaqindan tanishiladi. Bunday yondashuv xodimlar bilan yanada yaqinroq munosabatda boʻlish, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda asosiy eʼtibor shaxsiy tarkibning ruhiy holatini yaxshilash, sogʻlom fikrlash, shaxslararo munosabatlarda ijobiy xislatlarni shakllantirish, turli xil nizolarning oldini olish, oʻzini namoyon etishga sharoit yaratish hamda oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, notiqlik, munozara yuritish madaniyatini shakllantirishga qaratilmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarni axloqiy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash, ruhiyatida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan oʻzgarish va tushkunlik holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va korreksiya qilish, shuningdek, fuqarolar bilan ishlashda zamonaviy psixologik usullardan foydalanishda, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda psixologik usullar yordamida ruhiy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha maslahatlar berildi.
Mazkur suhbatlar davomida xizmat faoliyati jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, xodimlarning oilaviy ahvoli, turmush sharoitlari hamda mavjud muammolari oʻrganilib, yashash xonadonlarida ham suhbatlar olib borilmoqda. Aniqlangan muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan zarur choralar koʻrilmoqda.
Muhammadnosir HOJIYEV,
katta leytenant.
