Soʻragan edingiz...
– Bir tanishim mendan «Aliment toʻlovini maʼlum bir muddatga «muzlatish» mumkinmi?» deb soʻrab qoldi. Iltimos, shu masalada, qolaversa, aliment toʻlovini amalga oshirish tartibi yuzasidan tushuncha bersangiz.
Z. KARIMOV,
Toshkent shahri.
– Avvalo, shuni taʼkidlash lozimki, qonunchilikda alimentni «muzlatish» degan tushuncha mavjud emas. Oʻzbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida»gi qonunining (keyingi oʻrinlarda qonun deb yuritiladi) 40-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan, undiruvchi oʻz arizasi bilan ijro hujjatini tamomlashi mumkinligi koʻrsatilgan. Yaʼni aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro ishi yuzasidan undiruvchi ariza bilan murojaat qilib, ijro hujjatini oʻzida saqlash uchun qaytarib olish huquqiga egadir. Keyinchalik ushbu ijro hujjatini qonunning 27-moddasi tartibida qaytadan ijroga topshirish mumkin boʻladi.
Biroq ushbu holat, tanishingiz soʻraganidek, alimentni «muzlatish» mavzusiga mos kelmaydi va bunday holatda alimentning toʻlab borilishi Majburiy ijro byurosi tomonidan nazorat qilinmaydi. Bunday holatda tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan, hisob-kitob qilishlari mumkin.
Endi bevosita sizning savolingizga qaytadigan boʻlsak, undiruvchi har oylik aliment toʻlovlarini banklarning omonat kassalarida saqlashi mumkin. Bunday holatda omonatga qoʻyilgan pullarni istagan vaqtda olishga haqli. Shuningdek, omonatga qoʻyilgan pullariga maʼlum miqdorda foiz ham toʻlanadi. Shunday qilib, aliment pullarini farzandlar kelajagi uchun jamgʻarib borish maqsadida alimentni «muzlatib» qoʻyishga hojat yoʻq. Zero, undiruvchi aliment pullarini farzandlar taʼminoti uchun tasarruf etish huquqiga ega ekan, bu pullarni omonatga qoʻyishi uchun hech qanday maxsus amaliyot talab etilmaydi.
Qolaversa, aliment pullarini har oyda toʻlab borilishini nazorat qilish Majburiy ijro byurosi zimmasida qoladi. Maʼlumki, bugungi kunda aliment toʻlovlari undiruvchilarning nomiga ochilgan maxsus bank plastik kartalariga toʻlab borilmoqda. Shunday ekan, undiruvchilar ham bank plastik kartalariga aliment pullarining tushishini bevosita nazorat qilib borishlari mumkin boʻladi.
Aliment pullarini qarzdorlar tomonidan oʻz vaqtida toʻlanmasligi yuzasidan tegishli tartibda Majburiy ijro byurosiga murojaat qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtmoqchimanki, aliment pullarini ikki oydan ortiq davr mobaynida toʻlamaslik Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474-moddasiga asosan, maʼmuriy javobgarlikka, oʻsha qilmish maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin 1 yil davomida takrorlangan taqdirda, Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻladi.
Axrolxoʻja RUSTAMXOʻJAYEV,
Majburiy ijro byurosining Chilonzor tumani
boʻlimi davlat ijrochisi, 2-darajali yurist.
