Xizmat itini sadoqatli qilib tarbiyalash uchun avvalo jonivorlarga mehr qoʻyish va nihoyatda sabr-bardoshli boʻlish lozim. Buni Toshkent viloyati IIBB JXX JTSB kinologiya boʻlimi instruktor-kinologi, safdor Maqsud Mirjambulov yaxshi biladi.
– Mening toʻrt oyoqli koʻmakchilarrim – “Arom” va “Linda” laqabli Belgiya ovcharkalari. “Arom” Qibray tumanidagi “Yangi Argʻin” mahallasida joylashgan tsexdan uskunalar oʻgʻirlanishi bilan bogʻliq jinoyatni fosh etishda yordam berdi. It buyruqlarga amal qilgan holda iz oldi va xodimlarni jinoyatchi voqea joyidan yashiringan yoʻnalish sari boshlab bordi. Shu tariqa oʻgʻrilik sodir etgan shaxs qoʻlga olindi. U mazkur tumanda yashovchi, 1994 yilda tugʻilgan S.O. boʻlib chiqdi, – deydi safdor M. Mirjambulov. – “Linda” esa giyohvandlik vositalarini qidirib topishga ixtisoslashgan. Yaqinda Boʻstonliq tumanida yashovchi, 1990 yilda tugʻilgan A.N.ning uyida oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida u xonadon sohibi berkitib qoʻygan marixuanani topishda yordam berdi.
Kinolog oʻziga biriktirilgan xizmat itini muntazam ravishda mashq qildirib borsa, unga gʻamxoʻrlik qilsa, bu muvaffaqiyat kalitidir. Chunki it oʻziga boʻlgan munosabatni his qiladi va xuddi shunday javob qaytaradi.
