Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinib, konstitutsiyaviy qonun 2023 yilning 1 may sanasidan kuchga kirdi.
Jarayonlarning eng boshidan xalq fikri, xohish-istagiga tayanilgani katta ahamiyatga ega. Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish ishlari qariyb bir yil davom etgan boʻlsa, shu vaqt ichida yurtdoshlarimiz bunga befarq boʻlmadi, oʻz faolligini namoyon etdi. Shu yurtda istiqomat qilayotgan har bir inson loyiha boʻyicha oʻz munosabati, fikr va takliflarini berishi uchun keng maydon yaratildi. Takliflar esa shunchaki qabul qilinmadi, balki aksariyati inobatga olinib, qonun loyihasiga kiritildi.
Hech shubhasiz bu katta va masʼuliyatli jarayon, xalq ovozining ifodasi ekanini har birimiz his etib turibmiz. Fuqarolar oʻz kelajagi, yanada farovon hayoti uchun ovoz berdi. Zero, yangi Konstitutsiyada aholini qiynab kelayotgan dolzarb masalalalar, muammolarga aniq yechimlar kiritilgan. Ulardan biri aholi bandligi va bunda gender tenglikni taʼminlash bilan bogʻliq.
Tan olishimiz kerak, bugungacha xotin-qizlarni ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilishda «yozilmagan qoidalar» toʻsqinlik qilar edi. Endilikda, bunday holatlarga chek qoʻyiladi. Jumladan, Yangi Konstitutsiyaning 42-moddasida: «Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taʼqiqlanadi», deb belgilab qoʻyildi. Bu jamiyatimizda ayollar va erkaklar teng huquqliligi, har bir shaxs eng kam ish haqi olganda ham munosib hayot kechir ishi va eng asosiysi, mehnat sharoiti talab darajasida boʻlgan holatda ishlashini taʼminlashi shubhasiz.
Yangidan qabul qilingan Konstitutsiyamizning 43-moddasida esa «Davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda ragʻbatlantiradi» deyilgan. Bu ham aholining ijtimoiy himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Gulora XUDJAYEVA,
Uchtepa tumani IIOFMB 3-son IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant.
