Viloyat IIB Yhxbda yoʻl harakati xavfsizligi sohasida joriy yilning 3 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokamasiga bagʻishlangan tezkor yigʻilish oʻtkazildi. Unda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik M.Miralimov, boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, tizim faxriylari, xizmat soha rahbarlari, YHXB shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Yigʻilishda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avtotransport hodisalarining barvaqt oldini olish, “Xavfsiz va ravon yoʻl” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, viloyat hududida namunali harakat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qaragan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan qatʼiy taʼsir choralarni qoʻllash yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Tizimda mavjud muammolar oʻrtaga tashlanib, ularni bartaraf etish va samarali xizmatni tashkil etish borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, oʻz xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, namunali faoliyati bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh inspektorlar boshqarma boshligʻi tomonidan munosib ragʻbatlantirildi. Yigʻilish soʻngida boshqarma boshligʻi shaxsiy tarkib va sohaviy xizmat rahbarlarining bugungi muhokamadan kerakli xulosa chiqarishi lozimligini alohida taʼkidladi.
U.SHUKURLAYEV,
kapitan.
Buxoro viloyati.
