Jizzax viloyati Iibda joriy yilning oʻtgan davrida soha vakillarining qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati tahlil etildi. Videoselektor yigʻilishini viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov boshqarib bordi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan tadbirda viloyatda umumiy jinoyatlar soni kamaygan boʻlishiga qaramasdan bir qator hududlarda ayrim turdagi qonunbuzarliklar ortishiga yoʻl qoʻyilgani bildirildi. Chunonchi, ogʻir tan jarohati yetkazish holatlari Arnasoy, Zomin va Paxtakor tumanlarida, tovlamachilik jinoyati Jizzax shahri, Gʻallaorol va Sharof Rashidov tumanlarida koʻpayganligi qayd etildi.

Oʻz navbatida jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirish, tungi patrullikni samarali tashkil etish, jinoyat qilishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni muntazam oʻtkazish, joylarda inspektor-psixologlar faoliyatini jonlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini yaxshilash, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari hamda xonadonlarni qoʻriqlovga olish, kuzatuv kameralari sonini oshirish kabi qator masalalar koʻrib chiqilib, masʼullarga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda uchinchi sektor shtablarining faoliyatini kuchaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Mazkur jarayonda asosiy eʼtibor aholi muammolarini hal qilish nuqtai nazaridan mahalla faollari bilan hamkorlik qilish, jinoyatlarning oldini olish, sektor rahbarlarining shaxsiy tashabbusi asosida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.