Ayol nozik hilqat, uning tabiati ezgulik bilan hamohang. Lekin oʻz shaʼniga toʻgʻri kelmaydigan notoʻgʻri yoʻlni tanlab, panjara ortiga yoʻl olsa-chi?

Chortoq tumanida yashovchi 1985 yilda tugʻilgan fuqaro A.X. ga turmushidan ajraganining oʻzi katta jazo boʻlishi kerak edi. Lekin u ota uyida ham tinch oʻtirmadi, yaqinlariga ozor yetkazdi. Otasidan qolgan uyni moʻmay pulga sotib, oson daromad topishni niyat qildi. Onasi, ikki akasi va ularning oila aʼzolarini koʻchada qoʻydi.

Oʻzi va oila aʼzolari yashab turgan xonadonni 280 mln. soʻmga sotib yuborib, xaridorning nomiga uyni oʻtkazib berdi. Shundan keyin xaridor uyni boʻshatishlarini talab qildi. Ayolning yaqinlari uy izlab, koʻchada sarson-sargardon boʻlib yurishga majbur boʻldi.

Firibgar ayol esa uyning pulini shaxsiy ehtiyojlari yoʻlida ishlatib yubordi...

A.X. jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, oʻzi vaqtincha yashab turgan Chortoq tumani, “Mustaqillik” mahallasida joylashgan koʻp qavatli turar joy majmuasidagi xonadonlardan birini oʻziga tegishli ekanligini aytib, uy egasi M. N.ga bildirmay, 9.000 AQSH dollariga X.Z.ga sotib yubordi. Xonadonni 15 kunda boʻshatib berishga vaʼda berib, xaridordan avvaldan 8.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini olib, juftakni rostladi.

Andishani unutgan ayolning xurmacha qiliqlari yana davom etaverdi. Ukasi va qoʻshnilari bilan ham kelishmovchilik chiqib, ularni bir necha marotaba jamoat joyida uyatli soʻzlar bilan haqorat qilib, shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirladi.

Fuqaro A.X.ning xatti-harakatlaridan aziyat chekkan jabrlanuvchilar tuman Iibga murojaat qilishga majbur boʻlishdi. Tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan fuqaro A.X.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi hamda u Oʻzbekiston Respublikasi Jkning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 140-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi sababli jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari boʻyicha Chortoq tumani sudiga yuborildi.

Qanchalik aziyat chekkan boʻlsalar-da, jigarchilik, qoʻni-qoʻshnichilik yuzasidan jabrlanuvchilar yetkazilgan zararlar qoplanganligi uchun oʻz daʼvosidan kechdilar. Ayblanuvchi qamoqdan ozod etilib, unga nisbatan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Muhammadsodiq UMARJANOV,

Chortoq tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tergovchisi,

katta leytenant.