Umrboqiylik

Oʻrta va keksa avlod jurnalistlari Toʻgʻon Ernazarovni nafaqat jurnalist, mohir pedagog, olim va shoir, balki Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining birinchi rahbari sifatida ham yaxshi eslashadi.

Toʻgʻon Ernazarov 1922 yil 15 dekabrda Toshkentda, oddiy dehqon oilasida tavallud topgan. U yoshligidan sheʼrlar, kichik sahna asarlari yozib, turli koʻrik-tanlovlarda qatnashgan. Ixcham xabar va lavhalari bilan bolalar, yoshlar va kattalarga moʻljallangan gazetalarda chiqishlari esa jurnalis­tika sohasiga qoʻygan ilk qadamlari edi.

1942 yilda jangovar aloqachi boʻlib frontga joʻnagan T. Ernazarov qoʻlida qurol va qalam tutgan holda, Stalingraddan Pragaga qadar boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Ikkinchi Ukraina frontida chop etilib turgan oʻzbekcha gazetalarning harbiy muxbiri sifatida jang maydonlaridan xabar, reportaj, ocherk, sheʼr, balladalar joʻnatib, urush mavzusida hikoyalar yozib, jangchilarni jasoratga undadi.

Urushdan keyin esa turli gazetalarda adabiy xodim, boʻlim mudiri, muharrir oʻrinbosari, muharrir boʻlib xizmat qildi, pedagogika institutining kechki boʻlimida tahsil oldi. Bundan tashqari, Moskva shahridagi yoshlar oliy maktabining tinglovchisi boʻldi. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagach, ilmiy ish yoqlab, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. «Sovet Oʻzbekistoni» (hozirgi «Oʻzbekiston ovozi») gazetasida masʼul kotib boʻlib, ayni vaqtda Toshkent davlat universitetining jurnalistika kafedrasida oʻqituvchilik qildi. Oʻn yil davomida Toshkent oliy kadrlar tayyorlash maktabida kafedra mudiri vazifasida ishladi va Oʻzbekiston matbuoti tarixi sohasida doktorlik ilmiy ishini yoqladi. Keyinchalik Toshkent davlat universitetiga ishga oʻtib, jurnalistika fakultetini tashkil etishda bosh-qosh boʻldi va fakultet dekani lavozimiga ta­yinlandi. Jurnalistika sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarida yangicha yoʻnalishlarni boshlab berdi. Natijada 30 dan ortiq yosh va isteʼdodli olimlar uning rahbarligida nomzodlik ishlarini himoya qildi.

T.Ernazarov turmush oʻrtogʻi Shohidaxon aya bilan uch nafar farzandni tarbiyalashdi. Ular ota kasbini munosib davom ettirishdi. Toʻngʻich farzandi Qudrat Ernazarov Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab, Moskva davlat universitetida jurnalistika sohasida ilmiy ish yoqladi. Ke­yinchalik tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olib, Oʻzmu jurnalistika fakultetida ishladi, bir necha yil dekan lavozimida faoliyat yuritdi.

Qizi Shohistaxon koʻp yillar Oʻzbekiston teleradio qoʻmitasi qoshidagi «Vatandosh» tahririyatida chet eldagi yurtdoshlar uchun eshittirishlar tayyorlab, jurnalistik faoliyat yuritdi.

Kenja farzandi Aziz Ernazarov ham ota izidan borib, Toshkent davlat universitetining jurnalis­tika fakultetida taʼlim oldi. Koʻp yillar Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritish barobarida, televideniye va radioda muxlislarga manzur boʻladigan koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorladi. IIV Matbuot xizmatining bosh­ligʻi hamda Birlashgan tahririyat bosh muharriri sifatida qizgʻin jurnalistik faoliyat bilan shugʻullandi. Polkovnik unvonida pensiyaga chiqqan A. Ernazarov hozirda ham Toshkent shahar IIBB Axborot-multimedia markazida shogirdlariga oʻz maslahatlarini berib, faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Uning jufti haloli Gulchehraxon Ernazarova ham Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasida qariyb qirq yil muharrir boʻlib xizmat qildi.

T.Ernazarovning nabiralari ham bobosi izidan bordi. Aziz Ernazarovning qizi Shahnozaxon Kenjayeva Oʻzbekiston televideniyesida bosh­lovchi-muharrir sifatida xalqimiz orasida tanilgan. Yana bir qizi Shahloxon ham jurnalistika sohasida taʼlim olib, sulola davomchisi boʻlgan.

– Uyimizga Oʻzbekistonning atoqli olim, shoir va arboblari tez-tez tashrif buyurib turishardi, – deydi isteʼfodagi polkovnik Aziz Ernazarov. – Sharof Rashidovning ukasi, taniqli olim Asil Rashidov bilan otamning suhbatlari qizigandan qizirdi. Asil akaning kelganini koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar: «Uylaringizga Sharof Rashidov keldimi?» deb hayratlanishardi. Atoqli shoir Abdulla Oripov ham otamiz bilan qadrdon edilar. Umrining oxirgi vaqtlarida Amerikada istiqomat qilayotgan shoir menga qoʻngʻiroq qildi. Biroz gaplashganimizdan soʻng, «Domlamizni tushimda koʻribman, ikkalamiz ijod haqida suhbatlashayotgan ekanmiz», dedilar. Toʻgʻrisi, mana shunday buyuk shaxs otamni xotirlaganlaridan koʻzimda yosh qalqdi va shunday inson farzandi ekanligimdan gʻururlandim.

Toʻgʻon Ernazarov ijod qilgan asarlar, jurnalistlar uchun yozgan qoʻllanma va darsliklar talaygina. Uning «Turkistonda vaqtli matbuot», «Oʻzbekis­tonda xalq matbuotining ravnaqi», «Jangchi qalbi», «Okop satrlari», «Yevropa boʻylab», «Taniqli matbuot dargʻalari», 3iyod Yesenboyev hamda Ubaydulla Ibrohimov bilan hamkorlikda yozilgan «Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari» kabi kitoblari, shogirdi Adham Akbarov bilan hammualliflikdagi «Turkiston matbuoti tarixi» va «Oʻzbekiston matbuoti tarixi» darsliklari yodgor boʻlib qoldi.

Shuningdek, domlaning «Jangchi qalbi» (1975), «Okop satrlari» (1980) kabi toʻplamlaridan sheʼr­lari hamda «Togʻlar orasida» majmuasidan hikoyalari tanlanib, «Goʻzal bogʻlar» nomli kitobi nashrga tayyorlandi. Bu sheʼr va hikoyalar jangchi shoirning gʻalaba ishonchi bilan yongan qalbi nidolaridir. Adibning sheʼr va hikoyalarida samimiylik va insoniy tuygʻular ufurib turadi.

Jurnalistika sohasining dargʻasi Toʻgʻon Ernazarov hayot boʻlganida bugun 100 yoshni qarshilagan boʻlardi. Biroq shogirdlari, farzandlari va nabiralari uning ishini davom ettirib, amalga oshmagan orzularini roʻyobga chiqarayotgan, jurnalistikamiz ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshib kelayotgan ekan, demakki, bu inson doim barhayot.

 

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.