Hududlarda kriminogen vaziyatni barqaror saqlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda samarali usullardan foydalanilyapti. Navoiy viloyati IIB boshligʻi joylarda ayni mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi. 

   Muhokama davomida viloyatning ayrim hududlarida firibgarlik, oʻgʻrilik jinoyatlari soni ortgani tanqid qilindi. Bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun aholining huquqiy madaniyatini hamda hushyorligini oshirish, internet tarmoqlari orqali sodir boʻlayotgan kiberjinoyatlardan fuqarolarni doimiy boxabar qilish zarurligi borasida fikrlar bildirib oʻtildi. Shuningdek, qizil toifaga kiritilgan mahallalardagi vaziyat, tungi patrul guruhlari faoliyati hamda hududlarni kameralashtirish borasidagi ishlar ham koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, yoshlar va xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik holatlariga jiddiy eʼtibor qaratish, ayniqsa, ularning bandligini taʼminlash borasida sektorlar faoliyatini yanada jonlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, yaqinlashib kelayotgan Navroʻz ayyomini koʻngildagidek oʻtkazish, jamoat joylarida fuqarolarning xavfsizligini ishonchli himoya qilish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.  


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.