Yurtimizda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, tashish, saqlash, oʻtkazish, shuningdek, tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud boʻlgan oʻsimliklarni ekish va yetishtirish bilan bogʻliq holatlarni aniqlash boʻyicha “Qoradori-2021” tezkor-profilaktik tadbiri davom etmoqda.
Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch shahri hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Urganch tumanida yashovchi Sh.Q.ning siri fosh boʻldi. U bir boʻlak “gashish” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 400 ming soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Shuningdek, uning yoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida choʻntagidan yana bir boʻlak “gashish” giyohvandlik vositasi topiladi. Bundan tashqari, IIV hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda Urganch tumanida yashovchi D.M. yon choʻntagida ikki boʻlak “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Urganch tumanida yashovchi S.K.ning savdosi ham kasod boʻldi. U Urganch shahri hududida bir boʻlak “marixuana” giyohvandlik vositasini 350 ming soʻmga sotayotgan paytida jinoyat ustida qoʻlga olindi. Dastlabki surishtiruv jarayonida u mazkur giyohvandlik vositasini Urganch shahrida yashovchi Gʻ.M.dan olganligini bildiradi. Oʻtkazilgan tezkor saʼy-harakatlar natijasida Gʻ.M. zudlik bilan qoʻlga olinib, uning yoni va yashash joyi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, choʻntagidan 2 ta gugurt qutisida, uyidan esa, 10 ta qogʻoz varagʻida alohida qadoqlangan “marixuana” giyohvandlik vositalari topiladi.
Xorazm viloyati IIB hamda Urganch shahri boʻyicha IIOFMB xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir ham samarali yakunlandi. Urganch tumanida yashovchi N.S. 3 ta alohida qadoqlangan “gashish” giyohvandlik vositasini 650 ming soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olinadi. Uning yonidagi uyali aloqa telefoning gʻilofi ichidan ham yana bir boʻlak “gashish” giyohvandlik vositasi yashirilgani oshkor boʻldi.
Gurlanlik F.B. tarkibida giyohvandlik moddasi mavjud boʻlgan oʻsimliklarni parvarishlash boʻyicha anchagina tajribali “bogʻbon” boʻlib chiqdi. Uning yashash manzilidagi tomorqasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida 137 tup “kannabis” giyohvandlik oʻsimligi parvarishlanayotgani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
