Farzandlar – umrimiz mazmuni, bolalar insoniyat hayotining mohiyatidir. Ular borligi uchun tamaddun charxpalagi hamon aylanib turibdi.
Koʻzimiz quvonchi, ertamiz egasi boʻlgan bolajonlarni asrab-avaylash, komil insonlar etib tarbiyalash har bir ota-onaning orzusi sanaladi.
Goʻdaklar tabassumi – olam bezagi. Ayniqsa, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sayyoramiz bolajonlarning samimiy va begʻubor kulgisi bilan yanada yasharib ketadi. Bu sana quyoshli diyorimizda ham oʻzgacha intiqlik bilan kutiladi.
Azaldan bolajon boʻlgan xalqimiz shu kuni kundalik tashvishlarni bir chetga qoʻyib, farzandlarini istirohat bogʻlari-yu koʻngilochar maskanlarga olib borishga oshiqadi. Ularga turli xil sovgʻalar ulashiladi. Bu oilada mehr-muhabbat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Manbalarga koʻra, ushbu xalqaro sana 1925-yilda Jenevada boʻlib oʻtgan bolalar farovonligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan umumjahon konferensiyasida ilk bor eʼlon qilingan. BMT tashkil etilgach, bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilot faoliyatining muhim yoʻnalishiga aylandi va bu sanani nishonlash yanada ommalashdi. Hozirda dunyoning koʻplab mamlakatlarida ushbu bayram keng miqyosda nishonlanadi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1959-yil 20-noyabrda Bola huquqlari deklaratsiyasi hamda 1989-yil 20-noyabrda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilindi. Mazkur xalqaro meʼyoriy hujjatlarni dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tan olgan va milliy qonunchiligiga tatbiq etgan. BMTning bolalar jamgʻarmasi – UNICEF esa dunyoning turli davlatlaridagi bolalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Erishilayotgan ijobiy natijalar bilan birga, dunyoda mavjud muammolar ham talaygina. Masalan, statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan 155 millionga yaqin bola majburiy mehnatdan aziyat chekmoqda. Shu oʻrinda eʼtirof etish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida bolalarning majburiy mehnatiga butunlay barham berildi.
Oʻzbekistonda bola huquqlari qonuniy asosda toʻla himoyalangan. Mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun davlat va nodavlat tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan institutlar faoliyat yuritadi. Xususan, Bolalar ombudsmani bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olish, ularni tiklash, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan bola huquqlariga oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi.
Bu borada Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Milliy markaz aholi orasida bola huquqlarini targʻib qiluvchi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, oʻquv kurslari va seminar-treninglar oʻtkazib keladi. Bola huquqlarini taʼminlashga qaratilgan milliy qonunchiligimizni takomillashtirish, unga xalqaro huquqiy normalarni tatbiq etish borasida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Shuningdek, bola huquqlariga doir oʻnlab ilmiy hamda ommabop nashrlar chop etilgan.
Xuddi shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimida voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, qiyin ahvolga tushib qolgan yoki zoʻravonlikka uchragan bolalarni aniqlash va ularga huquqiy, ijtimoiy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi inspektor-psixologlar faoliyat yuritadi.
* * *
Insonning insoniyligi, kamoloti uning kimdan, qanday tarbiya topganiga bevosita bogʻliq. Zotan, eng yuksak insoniy fazilatlar va milliy qadriyatlar aynan tarbiya vositasida avloddan avlodga oʻtadi.
Bugun butun jahonga Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitayotgan yosh avlod vakillarining zafarlari ortida keksa avlodning beqiyos mehnati yotganiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Masalan, hozir Yevropaning yetakchi futbol jamoasida muvaffaqiyatli toʻp surayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanovni futbol klubiga birinchi boʻlib uning buvisi Habiba aya yetaklab borgan. Yoki jahon kubogi sohibi, grossmeyster Javohir Sindarovga hali
4 yoshligidanoq bobosi, yuridik fanlar doktori, professor Komiljon Sindarov shaxmat sirlarini oʻrgatgan. Javohirning oʻqishi va xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishida esa uning buvisi, xalq taʼlimi aʼlochisi, ustoz pedagog Jamila Sindarovaning xizmati katta boʻldi.
Nabiralar bobo va buvilarini jondan ortiq yaxshi koʻradilar. Bobo va buvilar esa nabiralarini oʻz farzandlaridan-da azizroq, suyukliroq deb bilishadi. Bu rishta – shunchaki yaqinlik emas, balki qalbdan qalbga tortilgan mehr koʻprigidir.
Nabira – insonning izi, ildizi, davomchisi, qaytib kelgan yoshligi va aslida uzaygan umridir.
* * *
Hassos shoirimiz Hamid Olimjon buvisi aytib bergan ertaklardagi moʻjizalar olamida ulgʻayganini mana bu oʻlmas satrlarida chuqur minnatdorlik bilan ifoda etgan edi:
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Koʻp ertak eshitgandim,
Soʻzlab berardi buvim.
Ushbu samimiy eʼtirofdan bilamizki, oddiygina oʻzbek ayolining allasi va ertaklari xalqimizga mana shunday suyukli ijodkorni taqdim etgan.
... Xizmat safarlari bilan yurtimizning shahar va qishloqlarini kezar ekanman, musiqa asboblarini koʻtarib olgan nabiralarini ergashtirib musiqa maktablari sari odimlayotgan, qoʻliga toʻp tutqazib sport maydonlariga, musobaqalarga yetaklab kelayotgan nuroniylarimizni koʻrib koʻzim quvnaydi. Turli tanlov va bellashuvlarda nevaralariga dalda boʻlib, ularni olqishlab turgan otaxon-u onaxonlarimiz bilan suhbatlashib bir haqiqatni anglayman: yoshi ulugʻlari eʼtiborli boʻlgan oilalarning farzandlarida bekorchi vaqt boʻlmaydi. Ular – ertamiz chempionlari, kelajagimiz ijodkorlari, istiqbolimiz egalari. Ular – mehr-muhabbatning, baxtning bolalari. Ular – nurdan bunyod nodir avlod.
Shu salohiyatli va asl avlod sizning, bizning, Oʻzbekistonimizning buyuk kelajagi boʻlib kamol topsin!
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira.
