Yangi Oʻzbekistonda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, davlat xizmatlarini soddalashtirish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Aholi va tadbirkorlarga «xalq xizmatidagi davlat» tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Davlat boshqaruvining barcha boʻgʻinlarida amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli islohotlar oʻz samarasini bermoqda, yaʼni yangicha fikrlash, tafakkur va dunyoqarash shakllanmoqda.
Davlat siyosatini davlat xizmatchilari tashkil etadigan boshqaruv apparati amalga oshirilayotganligi bois,
uning samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, davlat boshqaruvida ham institutsional islohotlarni amalga oshirish, boshqaruv samaradorligini taʼminlashda innovatsion menejment instrumentlardan foydalanish davr talabiga aylanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
14-iyuldagi «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida islohotlar ijrosini ekspert jihatidan taʼminlash, samaradorligini oshirish, hududlar va tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, biznes muhitini yanada yaxshilash, davlat organlarining masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, boshqaruvning barcha boʻgʻinlari oʻrtasidagi hamohanglikni mustahkamlashga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.
Mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro organlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Maʼlumki, davlat xizmatining samarali faoliyat yuritishi, davlat apparati va davlat xizmatining holati mamlakat aholisida unga nisbatan tasavvurlarni paydo qiladi. Davlat nomidan qaror qabul qilayotgan xizmatchining bilimi, salohiyati, harakati va faoliyatiga qarab davlat apparatiga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlariga baho beriladi. Shu bois davlat xizmatining qanday shakllanganligi, uning demokratik talablar va boshqaruv tamoyillariga mos ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, ular bilan doimiy ishlash, malakasini oshirish, qayta tayyorlash, samarali davlat xizmatchilari zahirasini shakllantirish masalalari Yangi Oʻzbekiston oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat organlarida inson resurslari bilan ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida
2025-yil 6-dekabrda «Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmon qabul qilindi.
Unga koʻra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi. Agentlikning davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek davlat organlarida inson resurslarini boshqarish va ularning salohiyatini rivojlantirish yoʻnalishlaridagi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Shu bilan birga, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan oʻtkazish tizimi joriy etiladi. Uning natijasiga koʻra, xodimning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi «past» deb baholanishi mazkur lavozimda mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi hamda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi «past» boʻlgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qatʼiy pozitsiyani eʼlon qildi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» yili sifatida belgilanadi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, «Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi», deganlar qattiq adashadi. Hech bir idora, hech bir tashkilot, hech bir mansabdor nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining ishiga toʻsqinlik qilish – korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi.
Davlat organlarida boʻsh boʻlgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim, kadrlar zaxirasini yuritish boʻyicha esa yangi tartib joriy etiladi. Unga koʻra, davlat organlari tomonidan milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan lavozimlar uchun nomzodlar roʻyxati mustaqil shakllantiriladi. Saralashdan oʻtgan nomzodlar tarafidan shaxsiy rivojlanish rejasining bajarilishi «zaxira.bsa.uz» elektron platformasi orqali monitoring qilinadi. Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahallada faoliyat koʻrsatayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman (shahar) hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi.
Yuqorida qayd etilgan farmon bilan davlat boshqaruvida «vazifa – funksiya – resurs – javobgarlik» zanjiri asosida samaradorlikni oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda Adliya vazirligi davlat organlari bilan birgalikda, ularning barcha vazifa va funksiyalari 5 ta darajaga tasniflangan holda, «Davlat funksiyalari» avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimiga kiritishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, endilikda jonajon Vatanimizda yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlarda, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratiladi. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda koʻrsatish tizimi rivojlantiriladi, boshqaruv samaradorligi oshiriladi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyilni amaliyotga tatbiq etishning yanada samarali mexanizmlari joriy etiladi.
Bahrom SAIDOV,
IIV Akademiyasi Magistratura boshligʻi,
polkovnik, yuridik fanlar doktori, professor.
