Respublikamizda olima xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini amaliyotga tatbiq etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bunga misoldir. “Ayollar hayotida jamiyat va ilm-fan integratsiyasi” mavzusida oʻtkazilgan mazkur anjuman Xalqaro fan sohasidagi olima ayollar va qizlar kuniga bagʻishlanib, ilm ahli, tadqiqotchilar hamda turli sohalar vakillarini bir maydonga jamladi.
Anjumanda Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan va shu bilan birga ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xodimalar ham ishtirok etdi. Ularning maʼruzalarida huquqni muhofaza qilish amaliyoti, jamiyat xavfsizligi, maʼnaviy tarbiya, ayollar huquqlari kabi dolzarb mavzular ilmiy tahlil qilindi. Masʼuliyatli xizmat, oila tashvishlari va kundalik vazifalarga qaramay izlanish olib borayotgan bunday opa-singillarimiz nafaqat kasbdoshlari, balki yosh avlod uchun ham ibrat namunasi boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.
— Bugun ichki ishlar idoralarida izlanuvchan, ilmga qiziquvchan ayollar safining kengayib borayotgani quvonarli hol, — deydi viloyat IIB Ekspertiza-kriminalistika markazining katta eksperti, katta leytenant Dilbarxon Umarova. — Jumladan, oʻzim ham xizmat faoliyatimga doir yangi ilmiy izlanishlar ustida ishlayapman. Bu jarayonda sohada uzoq yillar samarali xizmat qilgan ustozlarimizning tajriba maktabi men uchun muhim tayanch boʻlmoqda. Ulardan olgan maslahat va koʻrsatmalar tadqiqotlarimni puxta va amaliy ahamiyatli qilishga yordam beryapti.
Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganidek, bunday ilmiy muloqotlar xotin-qizlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, ularni yangi tadqiqotlarga ruhlantirish hamda ilm-fan bilan amaliyot oʻrtasidagi bogʻliqlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Bu esa oʻz navbatida jamiyat taraqqiyotida bilimli, tashabbuskor va faol ayollar qatlamining yanada kengayishiga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANZODA,
oʻz muxbirimiz. Andijon viloyati
