Xojagon Naqshbandiya yoʻnalishi boʻyicha tasavvufning yetuk targʻibot­chisi, fiqh, hadis ilmlari boʻyicha alloma Mavlono Abdulboqiy Xojagi Emkanagiy shu qishloq­da 1512-yilda tugʻilib, 1600-yilda vafot etgan. Bu yerda farzandi Mavlono Xoja Abdul Qosim ibn Mavlono Xojagi ham dafn qilingan. 

 Dastlabki bilimni otasi Darvesh Muhammaddan olgan Mavlono Emkana­giy Buxoro va Samar­qand madrasalarida usul (furu), kalom, tafsir, hadis ilmlarini oʻrgangan. Oʻz davrining buyuk donishmandlaridan tariqat sirlarini oʻrganib, Naqshbandiya tariqati­ning targʻibotchisi, buyuk donishmand sifatida shuhrat qozongan. 

 «Naqshbandiya tariqatiga oid qoʻlyozmalar fihristi» kitobida Hazrati Xojagi Emkanagiyning «Intixob as kitobin Nasama» («Shabbodalar kitobidan saylanma») nomli asari boʻlgani haqida maʼlumot berilgan. Bu asarning kichik bir qismi bizgacha yetib kelgan va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharq­shunoslik instituti­ning qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda. 

Xojagi Emkanagiyning farzandi Abdul Qosim Xoʻja Ilmkon qishlogʻida XVI asrda xonaqoh va uning oldida otasiga dahma qurdiradi. 1600-yillardan boshlab Emkanagiy xonaqosi va mozori atrofida ziyoratgoh bilan bir qatorda, soʻfiylik tariqati ham shakllanadi. Xonaqohga yaqin joydagi masjid hovlisida koʻhna chinor boʻlib, tana aylanasi 18 kishi qulochiga teng, yaʼni 27 metrni tashkil etadi. Chinorning ichki qismi uzunasiga 5,8 metr va eniga 4,2 metr boʻlib, bu yerda 25 bola bemalol davra qurib oʻtirishi mumkin boʻlgan. Oʻtgan asr boshlarigacha chinor kovagidan maktab sifatida foydalanilgan. Azim chinor hozir ham bor. 

Ziyoratgohga hozirda Turkiya, Germaniya, Amerika va boshqa davlatlardan ziyoratchilar tashrif buyu­rishmoqda. 

Javlonbek ALLAYEV,

mayor. 

Qashqadaryo viloyati.