2026-yil 13-mart kuni Prezidentimiz rahbarligida «Xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish toʻgʻrisida» oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida murojaatlar bilan ishlash yoʻnalishida Ichki ishlar vazirligining namunasini yaratish boʻyicha topshiriq berilgan edi.

Shunga koʻra, Vazirlik rahbariyati, tarkibiy va hududiy boʻlinmalar rahbarlari tomonidan aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularni shaxsan qabul qilib, muammolarini eshitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi bir yilda aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish, ularga yechim topish maqsadida har oyning soʻnggi yakshanba kunlari fuqarolar birinchi rahbarlar tomonidan shaxsan qabul qilinib, ular bilan ochiq muloqot oʻtkazilmoqda.

Aynan vazirlikda bir yil davomida oʻtkazilgan 11 ta qabulda 6 641 nafar fuqaro bilan ochiq muloqot qilindi. Jumladan, 2025-yilda 5 391 nafar, 2026-yilning oʻtgan davrida 1 250 nafar fuqaro qabul qilindi.

Fuqarolar oʻz murojaatlarida asosan surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar (1 642 ta), ichki ishlar organlari xizmatiga qayta tiklanish (1 425 ta), tergovga qadar tekshiruvga oid (618 ta) hamda afv va mahkumlarning huquqiy holatiga doir masalalar (240 ta) yuzasidan murojaat qilgan.

Shuningdek, haftaning belgilangan kunlari tergov, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi, kadrlar bilan ishlash masalalari boʻyicha vazir oʻrinbosarlari tomonidan shaxsiy qabullar oʻtkazib kelinmoqda. Bu qabullar jarayonida 5 711 nafar fuqaro bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, muammolar boʻyicha qonuniy choralar koʻrildi.

Shu bilan birga, hududiy ichki ishlar organlarining birinchi rahbarlari tomonidan ham aholi bilan doimiy ravishda kunlik shaxsiy hamda har haftaning yakshanba kuni ommaviy sayyor qabullar oʻtkazib borilmoqda. Mazkur jarayonda 38 944 nafar fuqaro bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, muammolar boʻyicha qonuniy choralar koʻrilgan.

Qayd etish kerak, 2025-yilda Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonaga Ichki ishlar vazirligi tizimi vakolatiga oid masalalar yuzasidan 89,4 ming nafar fuqarodan 148,2 mingta murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning 98 562 tasi yoki 70 foizida keltirilgan vajlar bugungi kunda qanoatlantirildi.

Amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2025-yilda Prezident virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan jami murojaat 2024-yilga nisbatan 32 734 taga yoki 25 foiz kamaydi.

Murojaatlar bilan ishlashda muloqot madaniyatiga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi. Negaki, har bir fuqaroning feʼl-atvori va muomalasiga monand suhbatlashish, muammosi va tashvishlarini vazminlik bilan tinglash, savollariga odob bilan javob qaytarish ularning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois har bir ichki ishlar idorasi xodimi qachon, qayerda, qanday vaziyatda boʻlishidan qatʼi nazar, murojaat qilgan fuqaro bilan xushmuomala boʻlishi shart. 

Joriy yil 1-apreldagi «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident farmoniga koʻra, 1-maydan boshlab Virtual qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar ustidan real vaqt rejimida nazorat oʻrnatiladi. Belgilangan muddatdan kechikkan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga oʻtkaziladi. Shuningdek, murojaatlar «shoshilinch», «odatiy» va «maslahat talab qiluvchi» toifalarga ajratiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar esa 3 ish kuni ichida qayta koʻrib chiqiladi.

Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash boʻyicha hisobotlari har chorakda kamida bir marta parlament palatalarida eshitiladi. Hududlarda esa hokimlar va mahalliy idoralar rahbarlari hisobotlari tegishli kengashlarda muhokama qilinadi. Axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda murojaatlar bilan ishlash jarayonini yoritadi va ommaviy axborot vositalarida bildirilgan eʼtirozlarni tahlil qilib boradi.

Shuningdek, farmon bilan Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etilishi belgilandi. Unga Qoraqalpogʻiston, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimlari jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi va fuqarolarni muntazam qabul qilib, muammolarni joyida hal etish choralarini koʻradi.

Bundan tashqari, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan taqdimotlar jarayonida aholi murojaatlarida koʻtarilgan tizimli muammolar va ularning yechimi boʻyicha alohida hisobot berish tartibi joriy etiladi. Davlat organlari va hokimliklar tomonidan oʻtkaziladigan shaxsiy hamda sayyor qabullar toʻliq raqamlashtirilib, jarayon ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Prezident virtual qabulxonasida murojaatlar real vaqtda nazorat qilinadi. OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi eʼtirozlar davlat organlari axborot xizmatlari samaradorligiga taʼsir qilishi qayd etildi.

Shu bois vazirlik axborot xizmati OAV va ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlarni koʻrib chiqish yuzasidan bildirilgan eʼtirozlarni doimiy oʻrganib boradi. Chunki endi bu holat ular faoliyati samaradorligini baholashda ham inobatga olinadi.


Ozodbek JOʻRABOYEV,

IIV Murojaatlar bilan 

ishlash boshqarma boshligʻi,

polkovnik.