Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Ahmad Yassaviyning avlodlaridan boʻlib, imom-xatiblik qilgan. Ona tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, Buxoro amiri Shohmurod davrida (1785–1800) Samarqandga kelib qolgan. Otasi vafotidan soʻng Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetgan.
1903-yili alloma tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy Halvoyi, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlogʻida, Hoji Muin Xoʻja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochadilar.
Behbudiy 1908-yili “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur boʻlgan) kutubxonasini ochadi. Alloma “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnallar esa undan ham koʻp boʻlganini yozadi.
1914-yilgi sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Yunoniston, Bulgʻoriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida boʻlib, u yerlardan oʻz kutubxonasi uchun juda koʻp kitob va risolalar olib keladi.
Mahmudxoʻja Behbudiy 1913-yildan matbuot ishlarini yoʻlga qoʻyadi va shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnali chiqa boshlaydi. “Samarqand” gazetasi oʻzbek va tojik tillarida, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan.
Behbudiy millat ziyolilaridan Abdurauf Fitrat, Siddiqiy, Hoji Muin, Akobir Shomansur, Muhammad Said, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hakim Buxoriy, Niyoziy Rajabzodaning maqolalari va sheʼrlarini “Oyina” sahifalarida chop etib boradi. Nashr yosh qalamkashlar, boʻlgʻusi adib va maʼrifatparvarlar uchun tajriba maydoni vazifasini ham oʻtagani maʼlum.
Alloma jamiyat hayotidagi illatlar, nuqsonlar va ilmsizlikni sahnada koʻrsatish orqali xalqni taraqqiyparvarlikka daʼvat etish maqsadida 1914-yili milliy teatrga asos soladi. Teatr sahnasida ijro etish uchun “Padarkush” dramasini yozadi. “Padarkush” dastlab 1914-yil 15-yanvarda Samarqandda, 1914 yilning 27 fevralda Toshkentda sahnaga qoʻyilgan.
Ilmiy-adabiy merosi Behbudiy “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolai jugʻrofiyi Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi darslik va qoʻllanmalar yozgan. Bundan tashqari, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Tujjor”, “Samarqand” gazetalari va “Oyina” jurnalida koʻplab maqolalari chop etilgan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, barcha jadid bobolarimiz singari Mahmudxoʻja Behbudiyning ham muborak nomi qayta tiklandi. Tarixchi va tilshunos olimlar tomonidan uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda ilmiy merosini oʻrganish boshlandi.
