Hal qiluvchi kuch

Har qanday yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon boʻlishi yoshlar taʼlim-tarbiya­si va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasiga chambarchas bogʻliq. Shu maʼnoda, Yangi Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yosh avlodning hayotiy manfaatlarini taʼminlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil va samarali amalga oshirilmoqda. Ularning ilgʻor bilim va kasb-hunarlarni puxta egallab, yetuk mutaxassis, chinakam vatanparvar insonlar boʻlib kamol topishi uchun hamma sharoitlar yaratib berilmoqda. Koʻplab yoshlar parlamentda, hukumat aʼzolari safida, davlat boshqaruvi organlarining masʼul lavozimlarida, zamonaviy korxonalarda, kichik biznes va tadbirkorlik, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va sport sohalarida – hayotimizning barcha jabhalarida joʻshqin faoliyat olib bormoqda.


Eng muhim investitsiya

Har bir hududda «Yoshlar biznes inkubatori» tashkil etilishi yoshlarning gʻoyalarini amalga oshirish uchun ins­titutsional asos yaratadi. Bu markazlar orqali biznes-reja tuzish, huquqiy maslahat olish, moliyaviy resurslarga chiqish imkoniyati kengayadi. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar – Yangi Oʻzbekis­tonning kelajagiga kiritilayotgan eng muhim investitsiyadir.

Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida ibratli ishlar qilinmoq­da. Xususan, joriy yilda 384,4 ming nafar yigit-qizni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan «Yoshlar bandligi dasturi» qabul qilinib, bugungi kunda 414,4 ming nafarining bandligi taʼminlangan. Bu boradagi chora-tadbirlar natijasida 2 474 ta mahalla «yoshlar ishsizligidan xoli hudud»ga aylangan.

Alohida ishlash talab etiladigan 51,5 ming yoshlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 4 155 nafar xodimlariga nomma-nom biriktirilib, 48,7 ming yoshlarning ijtimoiy va maishiy muammolari hal etilgan.


Parlament nazorati

2023–2025-yillar davomida yoshlarga oid qonunlarning hududlardagi ijro holati, Davlat dasturi, Prezident farmoni va qarorlarining ijrosini oʻrganish maq­sadida 15 taga yaqin nazorat-tahlil faoliyati amalga oshirilib, taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatildi. Mahalliy Kengashlar bilan 4 ta qoʻshma qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Senat aralashuvi bilan Fargʻona viloyatida «Yoshlar daftari»ga kiritilgan va sertifikat olgan 85 nafar yigit-qizga 1 mlrd 844,8 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratilishiga erishilib, muammolari ijobiy hal etildi. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joy bilan taʼminlanishi boʻyicha nazorat olib borilib, mingga yaqin bola uy-joy bilan taʼminlandi. Shuningdek, uy-joy bilan taʼminlangan bolalarga oʻz vaqtida zaruriy jihozlar taqdim etilishi nazorat qilindi.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida hududlarda olib borilgan ishlar holati joyiga chiqib oʻrganildi va aniqlangan kamchiliklarni joyida hal qilish boʻyicha choralar koʻrildi. 

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zona­lari faoliyatini tashkil etish hamda ularning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar Toshkent viloyati va poytaxtda oʻrganilib, Senat Kengashida muhokama etildi. Toshkent shahrida joylashgan Yoshlar sanoat zonalari faoliyatini yanada yaxshilash uchun 

5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishiga 

erishildi.

Ustuvor vazifalar

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda ularni turli yot taʼsirlar, narkojinoyatlardan himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biridir. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan yilda yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik 15 foizga kamayib, 

4 034 ta hudud «yoshlar jinoya­tidan xoli mahalla»ga aylangan.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 

750 dan ortiq faol startap mavjud boʻlib, ularning 75 dan ziyodi xorijiy va mahalliy venchur jamgʻarmalaridan investitsiya jalb qilishga muvaffaq boʻlgan. 

2025-yilning oʻzida respublikada venchur fondlarning soni 15 tani tashkil etib, umumiy kapital hajmi 180 million dollarga yetgan.

Respublikamizning barcha viloyatlarida startap studiyalar tashkil qilinib, hozirda 

27 ta mentor 305 ta startapga koʻmak bermoqda. Mazkur startap loyihalar 2,7 mln dollar miqdorida investitsiya jalb qilgan. Yoshlarning startap lo­yihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida eng ilgʻor texnologiyalarni olib kelib, 

100 ta mahalliy startapni xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantirish tadbirlarini moliyalashtirish uchun 

2026 davlat byudjetidan 50 mlrd soʻm ajratilishi belgilangan.


Uygʻonish davri

Bugun Vatanimiz kelajagini belgilab beradigan, yangi Uygʻonish davrining asosini tashkil etadigan hal qiluvchi soha – taʼlim-tarbiya tizimi jadal rivojlanmoqda. Hayotda sinov­dan oʻtgan milliy va xorijiy tajribalar asosida yangi-yangi bilim, sanʼat va sport maskanlari barpo etilmoqda.

Prezident maktablari, ixtisoslashgan hamda ijod maktablarida yuz­lab isteʼdodli oʻgʻil-qizlar zamonaviy taʼlim-tarbiya olmoqda, mahorat sirlarini egallamoqda. Iqtidorli talabalar uchun Prezident granti taʼsis etilishi, respublikamizdagi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyala­rining joriy qilinishi, ikki va undan ortiq farzandini shartnoma asosida oʻqitayotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berilishi, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻplab loyihalar, jumladan, ularni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik va ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan gʻoyalar ulugʻvor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qoʻlga kiritayotgani albatta barcha­mizni xursand qiladi. Xususan, iqtidorli oʻquvchilarimiz oʻtgan yili xalqaro fan olimpiadalarida, yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimiz oldida turgan yuksak maq­sadlar yoʻlida hal qiluvchi kuch sifatida qaralayotgan yoshlarimiz oʻz zimmasidagi ulkan masʼuliyat va javobgarlikni his qilib, Vatan manfaatlari yoʻlida yanada birlashib, tom maʼnodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishlari lozim. Zero, uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi boʻlib xizmat qiluvchi bugungi buyuk gʻoyalarda ana shunday ulugʻ maqsadlar mujassamdir.


Malika Qodirxonova,

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar,

madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi.